Jahon | 14:30
3383
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh: Isroil va Suriya otashkesimga kelishdi

AQShning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrakka ko‘ra, Isroil va Suriya otashkesimga kelishib oldi. Shuningdek, Isroil o‘zi qo‘shin joylashtirishiga qat’iyan qarshi chiqib kelgan Suvayda hududiga, bu safargi janglarni to‘xtatish uchun, Suriya armiyasi kirishiga “ruxsat bergan”.

Foto: EPA

Isroil va Suriya otashkesimga kelishib oldi, deya xabar qildi AQShning Turkiyadagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrak. Bu kelishuv asosan druzlar yashaydigan hududda bir necha kunlik qonli to‘qnashuvlar natijasida 300 dan ortiq odam halok bo‘lgach yuz berdi.

«Biz druzlar, badaviylar va sunniylarni qurolini tashlab, boshqa ozchilik guruhlar bilan birgalikda yangi va birlashgan Curiyani barpo etishga chaqiramiz», — dedi AQShning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida.

Foto: ABC News

Barrakning aytishicha, Isroil va Suriya AQSh vositachiligida Turkiya, Iordaniya va boshqa qo‘shni davlatlar qo‘llovida otashkesimga erishgan. Reuters nashrining yozishicha, hozircha Suriya ham, Isroil ham bu masalada rasman izoh bermagan.

Suriya janubidagi Suvayda viloyatida to‘qnashuvlar bir haftadan beri davom etmoqda. Mojaro dastlab badaviy jangchilari va druz guruhlari o‘rtasida boshlangan edi.

Chorshanba kuni Isroil Damashqda havo hujumlari uyushtirib, janubdagi hukumat kuchlarini nishonga oldi. Ular Suriya druzlarini himoya qilishini bildirgan holda, hukumat qo‘shinlarini hududdan chekinishga chaqirdi.

Shundan so‘ng Suriya armiyasi Suvayda viloyatidan chiqib ketishni boshladi. Bu orada druzlarning qarshi badaviy qabilalari kuch to‘plab, qarshi hujumga tayyorgarlik boshladi.

Isroil oldin Suvayda hududiga qo‘shin joylashtirishiga qat’iyan qarshi chiqqan edi. Ammo juma kuni bu safargi janglarni to‘xtatish uchun Suriya armiyasiga hududga kuzatuv ostida, qisqa muddatli kirishga ruxsat bergan.

«Suriya janubida davom etayotgan beqarorlikni inobatga olib, Isroil Suriyaning ichki xavfsizlik kuchlariga Suvaydaga 48 soat ichida cheklangan kirish huquqini berishga rozi bo‘ldi»,dedi ismini oshkor etishni istamagan isroillik rasmiy jurnalistlarga. Shunga qaramay juma tongida Isroil yana Suvaydaga havo zarbalari uyushtirgan.

Foto: Getty Images

Suriya prezidenti idorasi juma kuni kechqurun hukumat Suvayda janubiga tinchlikni tiklash, zo‘ravonliklarning qayta boshlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun harbiy kuch yuborishini ma’lum qildi. Bu xavfsizlik va siyosiy choralar bilan muvofiqlashtiriladi.

Haftaning boshida ham rasmiy Damashq druzlar va badaviylar o‘rtasidagi urushni to‘xtatish uchun qo‘shin yuborgan. Ammo bu «druzlarga qarshi zo‘ravonlik» sifatida ko‘rilib, Isroil hujumlariga uchragan va chorshanba kungi sulh asosida chekinishga majbur bo‘lgan edi.

Ahmad ash-Shar’a Isroilni Suriyani bo‘lishga urinayotganlikda aybladi va druzlarni himoya qilishga va’da berdi.

Reuters muxbirlari Daraa viloyatida Suriya ichki ishlar vazirligining konvoyi to‘xtab turganini ko‘rgan. Xavfsizlik manbasi ularning Suvaydaga kirish uchun ruxsat kutayotganini bildirgan.

AQSh oldin ham hukumat kuchlari va druz jangchilari o‘rtasidagi otashkesimni ta’minlashda vositachi bo‘lgan edi. Oq uy payshanba kuni bu sulh hali ham kuchda ekanini bildirdi.

Suriya Inson huquqlari tashkiloti so‘nggi haftada yuz bergan to‘qnashuvlar natijasida 321 kishining halok bo‘lganini hujjatlashtirdi. Qurbonlar orasida tibbiyot xodimlari, ayollar va bolalar ham bor.

Foto: The Washington Post

Suriya favqulodda vaziyatlar vazirligi 500 dan ortiq jarohatlanganlar davolanayotganini, yuzlab oilalar hududdan evakuatsiya qilinganini aytdi. Reuters nashrining mahalliy aholiga tayanib, yozishicha, ular oziq-ovqat va suvdan mahrum, shahar bir necha kundan beri elektrsiz qolgan.

«To‘qnashuvlar to‘xtagani yo‘q. Internet va telefon aloqasi deyarli yo‘qligi uchun nima bo‘layotgani haqida yangilik olish ham qiyin», — degan Suvaydadagi tinch aholi vakili.

Tahlilchilarning yozishicha, Isroilning Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi Suriya yangi hukumatiga nisbatan chuqur ishonchsizligi AQSh pozitsiyasi bilan zid kelmoqda. Rasmiy Vashington Isroilning Damashqdagi havo hujumlarini ham qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid