Toshkent viloyati yoshlarini ish bilan ta'minlash kuchaytiriladi
2016 yil 15 dekabr kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgani haqida avval xabar berilgan edi. Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA agentligi xabar qilmoqda.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda Prezidentimiz Toshkent viloyati yoshlarini ish bilan ta'minlash borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, kollej o‘quvchilarining davomati nazoratsiz qolayotganini qayd etar ekan, mutasaddilar bu masalaga alohida e'tibor qaratishi zarurligini ta'kidladi.
Viloyat hududida foydalanilmay turgan bino va inshootlarni investitsiya kiritish sharti bilan "nol" qiymatda sotish bo‘yicha berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmagani uchun O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi D.Hidoyatovga hayfsan berildi.
Toshkent viloyati – katta iqtisodiy salohiyatga, ulkan imkoniyatlarga ega hudud. Zamonaviy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan yangi korxonalar barpo etish va mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish bugungi kunning dolzarb masalasidir. Eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini eksport faoliyatiga jalb etishni muttasil oshirib borish zarur, dedi Prezidentimiz.
Yig‘ilishda viloyatni barcha sohalarda yanada rivojlantirish, sanoat salohiyatini oshirish, ijtimoiy infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalari tahlil etildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga doir ko‘rsatmalar berildi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan Islom Ergashxo‘jayev viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi vazifasidan ozod etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan Angren shina zavodi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Shukurullo Boboyev Toshkent viloyati hokimi etib saylandi.
Mavzuga oid

13:57 / 28.04.2025
Toshkent viloyatida OITS tarqatilishi bilan bog‘liq ikkita jinoiy holat aniqlandi

07:53 / 23.04.2025
Toshkent viloyatida o‘tkir tig‘larni noqonuniy olib yurgan 147 nafar shaxs aniqlandi

23:28 / 18.04.2025
Toshkent viloyatidagi ba’zi yo‘llarda ruxsat etilgan tezlik 80 km/soatgacha cheklandi

15:52 / 01.04.2025