Jamiyat | 11:30 / 19.12.2016
5782
3 daqiqa o‘qiladi

Tegishli chora-tadbirlar tufayli YTH va qurbonlar soni kamaygan. Lekin aniq raqamlar yo‘q

2016 yilning 10 noyabridan 2017 yilning 10 yanvariga qadar O‘zbekistonda harakat xavfsizligi tadbiri o‘tkazilmoqda. 

O‘zA xabariga ko‘ra, tadbir doirasida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, aholi o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish ishlari samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan choralar ko‘rilmoqda. Tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda 3 ming kilometrdan ziyod piyodalar yo‘laklari va bolalar harakati serqatnov bo‘lgan yo‘llar ko‘rikdan o‘tkazildi. 

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mahalliy hokimliklar va tegishli tashkilotlarga taqdimnoma va takliflar kiritildi. Natijada 1 mingdan ortiq yangi yo‘l belgisi o‘rnatildi, 1,4 minga yaqin eskirgan yo‘l belgisi yangilariga almashtirildi. 

Jamoat joylarida 13 mingdan ziyod panno va banner o‘rnatilib, ogohlikka chaqiruvchi plakatlar ilindi. Ichki ishlar organlari xodimlari bilan birga davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari ham jalb etilib, mahallalar, o‘quv yurtlari, korxona va tashkilotlarda uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, tadbirni samarali o‘tkazish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda reyd o‘tkazuvchi mingdan ortiq maxsus guruh tuzilib, ular tomonidan 4 mingdan ziyod reyd o‘tkazildi. 

Transport vositalarining texnik holati ko‘rigi bo‘yicha tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, 53 ming 635 transport vositasi tekshirilib, ularda 861 texnik nosozlik aniqlangan. 

Yo‘l harakati xavfsizligiga oid ijtimoiy reklama va shiorlar ko‘chalar, maydonlar va jamoat joylari, barcha turdagi jamoat transporti salonlariga o‘rnatilgan. Markaziy ko‘chalarda joylashgan monitorlar orqali maxsus videoroliklar muntazam ravishda namoyish etib borilmoqda. 

«Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasida yo‘l-transport hodisalari va uning oqibatida shikastlanganlar soni sezilarli darajada kamaydi», deyilgan xabarda.

Lekin aniq raqamlar keltirilmadi.

Mavzuga oid