Sport | 21:40 / 05.01.2017
9280
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy jamoalarining transferlariga cheklovlar o‘rnatiladi

Foto: The Guardian

Xitoy Sport ishlari bo‘yicha bosh ma'muriyati ma'lum qildiki, futbol klublarining transferlar uchun sarflaydigan xarajatlari miqdori cheklanadi. Vazirlik «Shanxay Shenxua» jamoasi «Boka Xuniors»dan Karlos Tevesni transfer qilib, katta shov-shuv ko‘targanidan keyin shunday qaror qabul qilgan.

Argentinalik futbolchi Ochiq osmon ostidagi o‘lkaga kelish orqali dunyoning eng qimmatbaho futbolchisiga aylandi. 33 yoshda bo‘lgan bu futbolchiga haftasiga 780 ming yevro miqdorida maosh tayinlangan va u 2 yil davomida 60 million yevro ishlab oladi.

«Aqlsizlik bilan kapital sarflashni nazorat qilish maqsadida futbolchilarning maoshlari va transfer qiymatlariga muayyan chegara o‘rnatiladi. Klublar yulduz futbolchilarni tarkibga jalb etishda katta pullar sarflashdan tiyilishi kerak bo‘ladi.

Xorijdan futbolchilarni olib kelishda va ularga maosh belgilashda klublar haddan tashqari ko‘p pul sarflashi e'tiborni tortmoqda va bu ba'zi muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Biz tartibsiz transferlarga va shartnomalarga qarshi kurashamiz. Qoida buzgan futbolchilar va agentlar jiddiy jazolanadi», – deyilgan ma'muriyat bayonotida.

Mavzuga oid