Jamiyat | 18:39 / 08.03.2017
21071
5 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda shirkatlar bilan bog‘liq muammo: masalaning aniq yechimi nimada? (video)

Kun.uz tahririyati 2017 yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan O‘zbekistonning turli viloyatlariga ijodiy safar uyushtirib, rahbarlar, mutasaddilar va aholi bilan muloqot o‘tkazishda davom etmoqda. Tahririyatning navbatdagi safari Buxoro viloyatiga bo‘ldi.

Safar davomida, tahririyatga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, qator manzillarga tashrif buyurildi. Ana shunday joylardan biri Buxoro shahridagi Ko‘ksaroy dahasi edi. Ma'lumot o‘rnida: bugungi kunda Buxoro shahrida 272 mingdan ziyod kishini tashkil etadi. Shundan 82 foizi o‘zbek, 6 foizi rus, 4 foizi tojik, 3 foizi tatar va boshqa millatga mansub kishilardir. Shahar hududida 900dan ortiq ko‘p qavatli uy joylashgan. 

U yerda joylashgan ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi shirkatlar faoliyatida yuzaga kelgan muammolar mahalliy aholi vakillari va mutasaddilar bilan birga ko‘rib chiqildi. Mazkur tashrif davomida ijodiy jamoaga Buxoro viloyati hokimiyatining matbuot xizmati vakili Akbar Rustamov, Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Xatamov va boshqa mutasaddi tashkilot rahbarlari hamroh bo‘lishdi. 

Ko‘ksaroy dahasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, shirkatlar muammolarni bartaraf etish uchun doim va'da berishadi, ammo o‘sha ishni boshida turib amalga oshirishga kelganda sustkashlikka yo‘l qo‘yishadi. Ko‘p qavatli uylar oldidagi yo‘llar masalasi ayanchli bo‘lgani uchun yog‘ingarchilik vaqtida to‘plangan suv yerto‘lalarga sizib kiradi, bu esa namgarchilikni keltirib chiqaradi.

Bundan tashqari, tomlardan chakki o‘tishi ham tilga olindi. Bunga tomlarda o‘rnatilgan yo‘ldoshli antennalar sabab sifatida ko‘rsatildi va ular tezda olib tashlanishiga va'da berildi. Qolaversa, elektr ta'minotida kuchlanishning pastligi sabab lampochkalar o‘chib-yonib, natijada tezda kuyib qolayotgani, kechasi uylarning kirish yo‘laklari va ko‘chalar qop-qorong‘i bo‘lib qolishi ham tilga olindi.

O‘sha hududda istiqomat qiluvchi ayol shunday dedi: “Mana shu dahada birorta ham bolalar maydonchasi yo‘q. Kichkintoylar turli joylarda o‘ynab yurishadi. Qayerga borishsa, shovqin ko‘tarishgani sabab ularni quvib solishadi. Mashina qatnaydigan yo‘lda o‘ynash esa juda xavfli”.

Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga quloq osilsa, ularni qiynab kelayotgan masalalar yetarli. Gaplar achchiq-achchiq, shiddatli, dardli... Ammo ularni hal etishda jonbozlik ko‘rsatuvchi shirkat esa negadur jim. Nazarimizda, islohotlar qayerdan boshlanib, qayerga kelgan, keyingi manzil qayerda davom etadi: bulardan bexabardek. Eskicha qarash, vaziyatga eskicha yondashish saqlanib qolgan. Uchrashuv davomida shirkat rahbari tomonidan va'dalar berildi, aholi vakillari ishontirildi.

Buxoro viloyati bo‘yicha shirkatlarning ishidan qoniqmayotgan aholining murojaati faqat shulardan iborat emas. Masalan, aksari murojaatlarda shirkatlarda narxlarning bir xil emasligi, bular ustidan hech kim nazorat qilmasligi haqida gap boradi. Yoki bo‘lmasa, aholidan pul yig‘ib olib, o‘z vazifasini sidqidildan bajarmayotgan shirkatlar yuzasidan ham shikoyatlar yetarli. Odamlar o‘z uylarining texnik jihatdan xavfsizligini mana shu shirkatlarga ishonishadi. Ammo nega bu shirkatlar o‘z ishiga bu qadar sovuqqan yondashishi ayon emas. Balki shirkatlar faoliyatini tubdan isloh etish talab etilar?

Xulosa o‘rnida, shirkatlar tomonidan ichki yo‘llarni ta'mirlash, yoritish tizimlarini sozlash, kanalizatsiya, bolalar maydonchasi qurish va boshqa turdagi birlamchi muammolar bartaraf etilmasa, boshqa islohotlar haqida so‘zlanayotgan gaplarni, rejalarni xalq eshitadimi, ularning istiqboliga ishonadimi? Shular haqida mulohaza qilish vaqti yetdi, deb o‘ylaymiz.

TAS-IX

YouTube

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mavzuga oid