Jahon | 19:17 / 14.05.2017
3880
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropol: 200 mingdan ko‘proq odam va tashkilotlar katta ko‘lamli xakerlik hujumiga uchradilar

12 may kuni xakerlar tomondan sodir etilgan xakerlik hujumi oqibatida 150 ta davlatda kamida 200 ming jismoniy va yuridik shaxslar jabr ko‘rdi. Bu haqda Britaniyaning ITV telekanaliga Yevropa politsiya agentligi (Yevropol) direktori Rob Ueynrayt ma'lum qildi.  

Uning aytishicha, kiberhujumning o‘ziga xosligi shundaki, tovlamachi-virusga o‘z-o‘zini tarqatish funksiyasi qo‘shilgan, shu sababli butun dunyo bo‘ylab ushbu virus bilan kompyuterlarning zararlanishi avtomatik ravishda yuz beradi. "Hujum misli ko‘rilmagan ko‘lamlarga yetdi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, gap 150 ta davlatda 200 ming jabrdiyda haqida ketmoqda va bu jabrlanuvchilarning asosiy qismi kompaniyalar, jumladan yirik korporatsiyalar hisoblanadi", deb aytdi Ueynrayt.

Uning aytishicha, ko‘pchilik odamlar xakerlarga pul to‘lamaganlar, biroq shu bilan birga virusning tarqalish xavfi saqlanib qolmoqda. "Raqamlar oshishda davom etmoqda va men dushanba kuni ko‘plab odamlar ishlariga kelib, kompyuterlarini yoqqanlarida nima sodir bo‘lishidan xavotirdaman", deb aytdi Yevropol direktori.

12 may kuni xakerlar Windows operatsion tizimiga ega kompyuterlarga WannaCry shifrlovchi-virusini qo‘llagan holda hujum sodir etishga harakat qilishgan. Rossiyada yirik kompaniya va federal muassasalar, jumladan ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Sberbank, "Megafon" mobil operatori kompyuterlari kiberhujumga uchradi.    

Virus hujumidan Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash milliy tizimining kamida 40 ta tashkiloti, jumladan shifoxonalar va poliklinikalar jabr ko‘rdi. Bu esa tibbiyot muassasalarida kasallarni qabul qilishning bekor qilinishiga, tez yordam xizmati ishida uzilishlarga va hattoki, rejalashtirilgan jarrohlik operatsiyalari o‘tkazilishida to‘xtashlarga olib keldi. Ueynrayt ushbu holatga to‘xtalib, ko‘plab davlatlarda sog‘liqni saqlash sohasidagi kompyuter tizimlari himoyasi jiddiy xavotir uyg‘otishini ta'kidlab o‘tdi.  

Mavzuga oid