Toshkent davlat pedagogika universitetida Psixologiya o‘quv-ilmiy markazi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi bir oy muddat ichida mamlakatimizda ijtimoiy sog‘lom muhitni shakllantirish, yoshlar tarbiyasining ta'sirchan mexanizmlarini joriy etish, shaxsning ma'naviy kamol topishini psixologik qo‘llab-quvvatlashni ta'minlash, soha mutaxassislarining psixologik bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning ilmiy-amaliy asoslarini yaratish maqsadida Toshkent davlat pedagogika universiteti tarkibida Psixologiya o‘quv-ilmiy markazini tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritishlari belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori respublika oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini ta'minlash, ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani ta'minlash, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish uchun yo‘naltirilgan yana bir muhim amaliy sa'y-harakatdir.