O‘zbekiston | 19:16 / 07.08.2017
6393
4 daqiqa o‘qiladi

O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filiali tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining 26.07.2017 yildagi 544-son «O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filialini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb yozmoqda Norma.uz.

Filial direktori O‘rmon xo‘jaligi ITI direktori tavsiyasiga ko‘ra O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Filialning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari:

•  dorivor o‘simliklar urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, shuningdek manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlarini yetishtirish va yetkazib berish;
•  o‘rmon fondi yerlarida noyob manzarali va mevali, shu jumladan, yong‘oq, pista, bodom, unabi va limon ko‘chatlari hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirish agrotexnologiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni olib borish;
•  o‘rmon xo‘jaliklarida chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik, quyonchilikni rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
•  manzarali o‘simliklar ko‘chatlarini yetishtirishning ilmiy asoslarini hamda istiqbolli texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;
•  o‘rmon fondi yerlarining ekologik holatini yaxshilash, o‘rmonlarni kengaytirish va qayta tiklash, ihota o‘rmonlari barpo etish bo‘yicha samarali innovatsion usullarni ishlab chiqish;
•  eroziyaga qarshi o‘rmon barpo etishning ilmiy asoslangan texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;
•  dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish, tog‘ yonbag‘irlaridagi yerlarda yetishtiriladigan, qurg‘oqchilik, zararkunanda va kasalliklarga chidamli o‘simliklar seleksiyasi va urug‘chiligi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;
•  o‘rmon xo‘jaligi sohasi uchun kadrlar ilmiy salohiyatini yanada oshirish, ularni tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.

Filial xodimlariga respublika ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi tatbiq etiladi.

Filial faoliyatini moliyalashtirishning manbalari quyidagilar:

•  O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi va respublika byudjyetidan ajratiladigan mablag‘lar;
•  davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida ajratiladigan grantlar;
•  xo‘jalik faoliyatidan, xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy donorlik tashkilotlarning grantlari, shuningdek homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi 2 oy muddatda:

•  Filial to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi;
•  Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda Filialni zarur mebel, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va boshqa moddiy vositalar bilan ta'minlaydi;
•  Andijon viloyati hokimligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Filialni bo‘sh turgan bino bilan tekin foydalanish huquqi asosida ta'minlaydi. 

Mavzuga oid