O‘zbekiston | 10:35 / 07.09.2017
12973
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi qaror loyihasi: Yo‘l harakati qoidalarini buzgan diplomatlar javobgarlikka tortiladi

Xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan tashkilotlar xodimlari ishtirokida YHQni buzish holatlari bilan bog‘liq yurtimiz yo‘llaridagi muammolar 2017 yil 5 iyuldagi Tashqi ishlar vazirining vatandoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti chog‘ida ko‘tarilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi va Oliy sud bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek ularga tenglashtirilgan tashkilotlar xodimlarini yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun ma'muriy javobgarlikka tortish chora-tadbirlari sohasida xorijiy tajribani o‘rganish asosida 2012-yil 12-martda O‘zbekiston Respublikasi TIV, IIV va Oliy sudi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma Qarorga tegishli Yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida qo‘shma qaror loyihasini tayyorlamoqda.

O‘zbekiston TIV sayti xabariga ko‘ra, amaldagi xujjatni mamlakatda joriy etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi avtomatlashtirilgan video-yozuv tizimi bilan bog‘liq me'yorlar bilan to‘ldirish ko‘zlanmoqda.

Yo‘l harakati qoidalari va yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligiga qat'iy rioya etilishini ta'minlash maqsadida, shuningdek jazoning muqarrarligi tamoyilidan kelib chiqqan holda sud yoki boshqa vakolatli organlar tomonidan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun ma'muriy jazo qo‘llanilishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilish tartibiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Bundan tashqari, diplomatik korpus vakillariga qulayliklar yaratish uchun yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimani to‘lash shakllarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid