Sport | 14:10 / 30.11.2017
4928
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shaxmat Olimpiadasiga mezbonlik qilishi mumkin

Illyustrativ foto

Toshkent shahri 2024 yilgi shaxmat Olimpiadasini qabul qilish bo‘yicha ariza topshirmoqchi. Bu haqda KUN.UZ‘ga vaziyatdan xabardor manbalar ma'lum qilgan.

Shu haftada Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Kirsan Ilyumjinov Toshkentga tashrif buyurdi va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida mehmon bo‘ldi. Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston sporti rahbarlari Ilyumjinov bilan uchrashuvda aynan shaxmat Olimpiadasini Toshkentda o‘tkazish masalasini ham muhokama qilgan. Hozircha shaxmat Olimpiadasining 2022 va 2024 yilgi mezbonlari aniq emas. O‘zbekiston vakillari ko‘proq 2024 yilgi musobaqa mezbonligini qo‘lga kiritishni maqsad qilib turishibdi.

Ma'lumot uchun, shaxmat Olimpiadasi har ikki yilda bir o‘tkaziladigan eng nufuzli musobaqalardan biri bo‘lib, unda FIDE‘ga a'zo bo‘lgan mamlakatlar terma jamoalari bosh sovrin uchun kurash olib boradi. Terma jamoa 4 nafar asosiy tarkib va 2 nafar zaxira shaxmatchilari bilan musobaqada qatnashadi. So‘nggi marta shaxmat Olimpiadasi 2016 yilda Ozaboyjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan va unda AQSh terma jamoasi bosh sovrinni qo‘lga kiritgandi

2018 yilgi 43-shaxmat Olimpiadasi Gruziyaning Batumi shahrida bo‘lib o‘tadi. 2020 yilgi musobaqalarga esa Rossiyaning Xanti-Mansiysk shahri mezbonlik qiladi. 2022 va 2024 yilgi musobaqa mezbonlari esa hozircha ma'lum emas.

Mavzuga oid