Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tadbirkorlar ikki yil muddatga tekshiruvlardan ozod qilinadi

Foto: Flicker
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi.
Dasturning III bobi «Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari» deb nomlangan. Uning Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish bo‘limida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan quyidagi chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.
Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada quyidagilar aks ettiriladi:
- Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika Kengashini tugatish;
- tekshirishlar o‘tkazishga ruxsat berishning maxsus elektron axborot tizimini joriy etish, uni yuritish va nazoratini Bosh prokuraturaga yuklash;
- tekshiruvlar reja-jadvalini shakllantirishda «xatarlarni tahlil qilish» tizimini joriy etish, xatarlarning quyi toifasiga mos keluvchi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish amaliyotini bekor qilish;
- tadbirkorlik sub'yektlarini tekshirishda qonuniylikni ta'minlash maqsadida prokuratura organlari tizimini (davlat soliq xizmati organlari xodimlarini qisqartirish orqali) yanada takomillashtirish nazarda tutiladi.
Tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini reja asosida tekshirish bo‘yicha ikki yil muddatga moratoriy joriy etish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashining ish rejasiga kiritilgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish bo‘yicha ikki yil muddatga moratoriy joriy etish, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borayotgan, moliyaviy ko‘rsatkichlari muntazam o‘sishiga erishayotgan faol tadbirkorlik sub'yektlarida tekshirish o‘tkazmaslik masalalari nazarda tutiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan nazorat qiluvchi organlarning rahbarlari bilan birgalikda har oyda namunali, faol tadbirkorlik sub'yektlari bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda ularni qiynayotgan muammolarni eshitish, qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘rib borish.
Chora-tadbirlar rejasi. Rejada:
- soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borayotgan, moliyaviy ko‘rsatkichlari muntazam o‘sishiga erishayotgan faol tadbirkorlik sub'yektlari bilan har oyda uchrashuvlarni (grafik asosida) tashkil etish;
- biznes olamidagi muammolarni aniqlash va hal etishga oid zaruriy choralar nazarda tutiladi.
Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlar tomonidan sodir etilayotgan kamchiliklarni, ayniqsa jinoyatlarni tanqidiy muhokama qilish, bartaraf etish va profilaktika qilishga ko‘maklashish.
Chora-tadbirlar rejasi. Bunda faol va insofli tadbirkorlarni yanada qo‘llab-quvvatlash, nopok tadbirkorlarga nisbatan murosasiz bo‘lishga qaratilgan biznes jamoatchiligining ta'sirchan choralarini ishlab chiqish, tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish bo‘yicha tadbirlar nazarda tutiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada:
- nazorat qiluvchi organlarning ayrim nazorat funksiyalarini fuqarolik jamiyati institutlari va davlat boshqaruvi organlariga o‘tkazish;
- tadbirkorlik sub'yektlariga, pul mablag‘larini xizmat ko‘rsatuvchi banklarda inkassatsiya qilish qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda, tovarlarni elektron tijorat orqali sotishda naqd pulda hisob-kitob qilish, shuningdek, mahsulotlarni xalqaro to‘lov kartalaridan foydalangan holda xalqaro savdo maydonlari orqali eksport qilish huquqini berish;
- yuridik shaxslarga, ishlab chiqarish, savdo, xizmat ko‘rsatish, ishlarni bajarish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan, shuningdek, boshqa har qanday xarajatlar, jumladan, davlat bojlari va yig‘imlarini to‘lash bilan bog‘liq to‘lovlarni korporativ bank kartalaridan to‘lash imkoniyati nazarda tutiladi.
Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalar va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi. Loyihada:
- tadbirkorlik faoliyati sohasida bir qator litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini bekor qilish, ayrimlarini birlashtirish, rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirish, litsenziya va ruxsatnomalar berish funksiyalarining ayrimlarini nomarkazlashtirish;
- litsenziyalarni ularning amal qilish muddatini cheklanmagan holda berish (tibbiyot va farmatsevtika faoliyati, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish, shuningdek, mobil aloqa tarmoqlari va teleradioeshittirish xizmatlarini ko‘rsatish va ulardan foydalanish bundan mustasno);
- litsenziyalanadigan faoliyat turi doirasida bajariladigan ishlarning (ko‘rsatiladigan xizmatlarning) aniq ro‘yxatini faoliyatning tegishli turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarda ko‘rsatish;
- telekommunikatsiya, baholash, rieltorlik, veterinariya, geodeziya va kartografiya, tibbiyot, qimmatli qog‘ozlar bozori, transport, savdo va boshqa bir qator sohalarda litsenziya va ruxsatnomalar olish tartib-taomillarini soddalashtirish nazarda tutiladi.
Respublikada iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus davlat organi (agentlik) tashkil etish hamda yangi tahrirdagi «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari. Loyihalarda:
- iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus davlat organi (agentlik) tashkil etish;
- uning vazifa va vakolatlari, davlat tizimiga jamoatchilik nazorati institutini keng joriy etish;
- iste'molchilar huquqlarini himoya qilishning samarali va shaffof mexanizmlarini tadbiq etish kabi masalalar nazarda tutiladi.
Samarasiz va zarar bilan ishlaydigan davlat ulushi mavjud korxonalar faoliyatini tubdan sog‘lomlashtirish, bozor mexanizmlarini keng joriy etish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi. Loyihada:
- milliy iqtisodiyotda davlat ulushini yanada kamaytirish, davlat mulklaridan samarali foydalanishni tashkil etish, iqtisodiyot sohalariga qo‘shimcha investitsiyalarni kiritish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan aniq mexanizmlarni belgilash;
- zarar bilan ishlaydigan davlat ulushi mavjud korxonalarning mavjud ichki imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ortiqcha yer maydonlarini maqbullashtirish, aniq investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mablag‘lar manbalarini aniqlash va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish;
- ushbu toifadagi korxonalardan samarali foydalanishni tashkil etish, shu jumladan, xususiylashtirish yuzasidan aniq takliflar nazarda tutiladi.
Elektron savdo maydonlari orqali bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini auksion savdolariga qo‘yishning elektron tizimini ishlab chiqish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada bo‘sh turgan davlat mulk obektlarini xususiy sektorga o‘tkazishning tartib-taomillari, ularni tanlash va baholash tartibi bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etish nazarda tutiladi.
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayoniga ochiqlik tamoyilini keng joriy qilish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada shaharsozlik hujjatlarini (binolar, inshootlar va boshqa obektlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlaridan tashqari) ishlab chiqish va tasdiqlashda jamoatchilik ishtirokini ta'minlash, ularning loyihalarini keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish mexanizmlari nazarda tutiladi.
Yer ajratish va qurilishga ruxsat berish bilan bog‘liq tartib-taomillarning amaldagi muddatlarini kamida ikki baravar qisqartirish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada yer ajratish va qurilishga ruxsat berish bilan bog‘liq tartib-taomillar, amaldagi muddatlarni qayta ko‘rib chiqish, sohada zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish orqali tizimni isloh qilish nazarda tutiladi.
Internet tarmog‘ida elektron savdolar va auksionlar orqali yer uchastkalarini ajratish tizimini joriy etish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada:
- yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga yer uchastkalarini berish maxsus axborot portali orqali elektron savdolar vositasida amalga oshirilishi;
- yer uchastkalarini berishga doir materiallarni vakolatli organlarda ko‘rib chiqish va kelishish axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda faqat elektron shaklda amalga oshirilishi nazarda tutiladi.
Davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini joriy etishning huquqiy va institutsional bazasini shakllantirish.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari. Loyihalarda iqtisodiyotning ko‘p xarajatli tarmoqlari (muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasi va boshqalar) hamda ta'lim va sog‘liqni saqlash kabi ijtimoiy sohalarda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasida davlat va xususiy investorlarning o‘zaro manfaatli hamkorligini yo‘lga qo‘yishga imkon beradigan davlat-xususiy sheriklik keng joriy etish nazarda tutiladi.
Mavzuga oid

17:32 / 30.01.2025
Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarni tekshirish samaradorligi bo‘yicha eng yomon tashkilot deb topildi

20:20 / 20.01.2025
Nodavlat OTMlarga norasmiy “soliq” solish davom etayotgani aytilmoqda. Vazirlik buni rad etdi

11:04 / 17.01.2025
200 nafar tadbirkor xalqaro moliya bozoridan 2 mlrd dollar jalb qilishga tayyorlanadi

09:55 / 15.01.2025