Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh siyosati – Turkiya va Suriya xavfsizligiga tahdid solmoqda – Chavusho‘g‘lu

Foto: Siyasi Haber
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘lu suriyalik kurdlar mudofaa otryadlariga (YPG) qurol yetkazib berishni davom ettirayotgan AQShni tanqid qildi.
“YPG terrorchilarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirayotgan AQSh nafaqat Turkiya xavfsizligini, balki Suriya kelajagini ham xavf ostiga qo‘ymoqda”, deb aytilgan Chavusho‘g‘luning “Suriyada tinchlikni qanday ta'minlash mumkin?” deb atalgan maqolasida. Maqola AQShning Newsweek nashrida chop etilgan.
Maqolada aytilishicha, Suriyada 7 yildan beri davom etayotgan va ko‘plab qurbonlar hamda vayronalarga olib kelgan urushga chek qo‘yish vaqti keldi.
“Suriyadagi ixtilofning oqibatlari shunchalik og‘irki, allaqachon tasavvur chegaralaridan chiqib ketgan. Ixtilof Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng og‘ir gumanitar inqirozga va terrorchilikning global tahdidi paydo bo‘lishiga olib keldi. Suriya bilan 910 kilometrlik chegaraga ega bo‘lgan Turkiya qo‘shni davlatda gumanitar inqirozga chek qo‘yish va terrorchilik tahdidiga qarshi kurash uchun g‘oyat katta sa'y-harakatlarni amalga oshirdi. Turkiyaning bu ishga qo‘shgan ijobiy hissasining dunyoda analogi yo‘qdir”, deb yozgan vazir.
“Turkiya 3,4 mln suriyalik qochqinni saqlash uchun 30 mlrd dollar sarfladi. Turkiya hukumati qochqinlarning jamiyatga uyg‘unlashib ketishi uchun choralar ko‘rmoqda. Qochqinlar tibbiy xizmatlar va ta'lim olish imkonidan tashqari, ishga joylashish huquqini olmoqdalar”, deb qo‘shimcha qilgan Chavusho‘g‘lu.
Uning ta'kidlashicha, terrorchilarga AQSh qurolining yetkazib berilishi Suriyada hududiy yaxlitlik va tinchlikni ta'minlashga urinishlarga putur yetkazmoqda. U maqolasida bir terrorchilik guruhiga qarshi kurashda ikkinchi terrorchilik guruhidan foydalanish qarori xatoligini ta'kidlab o‘tgan. Shu sababli AQSh bu xatosini zudlik bilan to‘g‘rilashi lozim.
Suriyadagi barqarorlikni faqatgina siyosiy muzokaralar va BMT rezolyutsiyalarini bajarish yo‘li bilangina ta'minlash mumkin. Shu ikki shart bajarilgandagina Sochida o‘tadigan Suriya milliy muloqoti kongressi Jyeneva jarayonini to‘ldirishi mumkin, bu esa barcha tomonlarning ishtirokini talab qiladi, deb hisoblamoqda Chavusho‘g‘lu.
Mavzuga oid

23:46 / 30.07.2025
Xitoy AQSh tahdidiga qaramay, Rossiya neftini sotib olishdan voz kechmadi

14:57 / 30.07.2025
Tramp AQSh va Xitoy tarif sulhini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi

08:12 / 30.07.2025
Yevroittifoq AQSh avtomobillari uchun bojlar bekor qilinishini tasdiqladi

23:14 / 29.07.2025