Jamiyat | 21:20 / 01.02.2018
10540
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy kutubxonasida Tog‘ay Murod xotirasiga badiiy kecha o‘tkaziladi

Foto: Tafsilot.uz

Adabiyotda boy meros qoldirgan ijodkorlar ko‘p, ammo ular orasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning o‘z so‘zi, hech kimnikiga o‘xshamaydigan yo‘li bor. Yozuvchining “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Momo yer qo‘shig‘i” qissalari, “Otamdan qolgan dalalar”, “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” nomli romanlarini o‘qiganda har birida xalqimizning bir dardi, bir haqiqati borligiga amin bo‘lamiz. Bu yozuvchi faqat unvonidagina emas, yuragida ham xalq bor bo‘lgan tom ma'nodagi ijodkor bo‘lganiga amin bo‘lamiz. Ammo har qanday zamonda ham ijodkorga oson bo‘lmagan. Shoir Norqobil Jalil Tog‘ay Murod haqidagi xotiralarida shunday yozadi: “U kishi bilan so‘nggi marta, o‘limidan bir haftacha avval gaplashdik. Uyida yolg‘iz o‘zi ekan. Menimcha, zerikibroq turgan ekanmi yo kayfiyati chog‘midi, bilmadim, bir soatcha so‘zlashdik. Men esa xijolat bo‘lib gap orasida: “Aka, uzr endi, vaqtingizni oldim”, desam ham negadir hech xayrlashgisi kelmadi. O‘sha kuni men ham nimadandir qattiq siqilib, Tog‘ay akaga dardlarimni aytib berdim. Shunda u kishi: “Esingdami, bundan sakkiz yilcha avval senga bir gapni aytuvdim. Yana takrorlayman, u qulog‘inggayam, bu qulog‘inggayam quyib ol, hali eslab yurasan, akam bekorga bu gaplarni aytmagan ekan, deb. Ayrimlar bor men bilan ham, sen bilan ham oshnam, do‘stim, og‘am deb o‘pishib, quchoqlashib ko‘rishadi va sal nariga borib izimizdan ming xil fisqu fasod, ig‘vo tarqatishadi. Parvo qilma, undaylar bilan o‘chakishib o‘tirma, qo‘yaver. O‘zingga ishon. Yana bir gapni aytayin, odam ahyon-ahyon bo‘lsa-da, o‘zi bilan o‘zi gaplashib, dardlashib turishi kerak ekan. Qachonki mayda-chuyda gap-so‘zlarga o‘ralashib qolgan bo‘lsang, o‘zing ham mayda odamga aylanasan. Bir she'ringda “Olti yil yashadim Yolg‘izlik bilan”, deb yozibsan-ku. Biz hammamiz qismatning odamlarimiz. Nimadir yozaman, yarataman, deb qishloqdan kechib kelganmiz. U yoqda senu menga ko‘z tikib o‘tirgan qancha qorako‘zlar bor. Shularning yuzini yerga qaratmaylik…”, deya uzoq nasihat qildi”.

“O‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman”, deya niyat qilgan zabardast ijodkor — Tog‘ay Murod tirik bo‘lganida yetmish yoshga kirardi. Ertaga, 2 fevral kuni soat 15:00da Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida yozuvchi tavalludining yetmish yilligiga bag‘ishlangan Xotira kechasi bo‘lib o‘tadi. Unda yozuvchining zamondosh do‘stlari, mashhur shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar ishtirok etishadi. Barcha adabiyot shinavandalari taklif etilmoqda.

Mavzuga oid