Jahon | 13:24 / 14.07.2018
6923
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada toshqinlar qurbonlari 209 kishiga yetdi

Foto: Twitter /CGTN

Yaponiyada kuchli yomg‘irlar va ular oqibatida yuzaga kelgan toshqin va ko‘chkilar qurbonlari soni 209 kishiga yetdi. Bu haqda mamlakatning bosh politsiya boshqarmasi xabar qildi.

So‘nggi ma'lumotlarga qaraganda, yana 40 nafarga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Mahalliy qutqaruv xizmatlari politsiya va mudofaa kuchlari askarlari yordamida qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini davom ettirmoqda.

Tabiiy ofatdan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida butun mamlakatdan minglab ko‘ngillilar Yaponiyaning g‘arbiy hududlariga yetib kelishmoqda. Yomg‘ir va ko‘chkilar eng ko‘p zarar yetkazgan Exime, Xirosima va Okayama prefekturalari ma'muriyatlari 18 mingga yaqin ko‘ngillining kelishini kutmoqda.

Yaponiyadagi 47 prefekturadan 31tasida yuz bergan suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida kamida 160ta uy butkul vayron bo‘lgan, 700ga yaqini jiddiy shikastlangan, 25 mingdan ortiq uy suv ostida qolgan. Uylariga qaytish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan qariyb 6 mingga yaqin kishi maxsus evakuatsiya markazlarida qolmoqda. Butun Yaponiya bo‘ylab kuchli jazirama bo‘layotgani vaziyatni yanada qiyinlashtirmoqda – termometr ko‘rsatkichi ertalabdan 30 darajadan baland haroratni ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid