O‘zbekiston | 17:04 / 08.10.2018
12693
3 daqiqa o‘qiladi

Iskandar Abdullayev: "AESga IESdan 10 baravar kam suv sarflanadi"

Atom elektr stansiyasi (AES)ga o‘tishdan hech kim yutqazmagan, hatto iqtisodchilarning fikricha, Germaniyaning AESdan voz kechib qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishi ham ularning energetika siyosatini mutlaqo beqaror darajaga tushirib yuborgan. Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM - CAREC) ijrochi direktori Iskandar Abdullayev KUN.UZ muxbirining AES haqidagi savoliga shu mazmunda javob berdi. 

Iskandar Abdullayev

"Bugungi kunda AESning uchinchi-to‘rtinchi avlodi ishga tushirilayotganini inobatga olib, xavfsizlik bilan ta'minlasak, bu juda yaxshi g‘oya. Hamma uni suv bilan ta'minlash haqida gapiradi, aslida Issiqlik elektr stansiyasi (IES)ga AESdan 10 baravar ko‘p suv sarflanadi. Masalan, Navoiyda IES ishlayapti, unga ham suv ketyapti, nega endi undan ancha kam suv sarflanadigan AESni ishga tushirmaslik kerak? Tahlil va nazorat bo‘lsa bo‘lgani", - deydi mutaxassis. 

Shu o‘rinda Iskandar Abdullayev elektr energiyasi bilan ta'minlash nuqtai nazaridan atom elektr stansiyasining ahamiyati haqida so‘zladi. 

"AES uranda ishlaydi, bizda esa uran bor. Biz uni hech kimdan sotib olmaymiz, bu esa elektr energiya bahosini arzonlashtiradi. Faqat bir jihatga e'tibor qaratish lozim - qat'iy ekologik nazorat bo‘lishi kerak. Bunday stansiyalarni nazorat qiladigan ekologik xizmatlarni ishga tushirish lozim. Hatto bizning amaldagi texnik inshootlarimiz ham nazorat ostida bo‘lishi kerak. Yaqinda ekologik nazorat kuchaytirilishi haqida o‘qidim va bu juda yaxshi", - deydi u.

Olimning fikricha, O‘zbekistonga AES kerak. So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonga turli mamlakatlardan juda ko‘plab investitsiyalar va texnologiyalar kirib kelmoqda. Bunday davrda esa barqaror elektr energiya manbai bo‘lishi juda muhim. 

"Texnologiyalar odamlarga bog‘liq. Bugungi kunda O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj shiddat bilan o‘sib bormoqda. Bu esa bizga yil sayin 7-8 foiz ko‘proq elektr energiyasi kerak degani. Bundan tashqari, aholi soni oshib borayotgani va yangi uylar qurilayotgani bilan bog‘liq omillar ham bor", - deya qo‘shimcha qiladi u. 

Lola Raxmanbayeva

Mavzuga oid