Jahon | 23:58 / 04.12.2018
46764
17 daqiqa o‘qiladi

Forbes: Yaponiyada o‘qish va ishlashga doir tavsiyalar

Foto: REUTERS

Yaponiyaga yo‘l olayotgan ekspatlar qanday tayyorgarlik ko‘rishi kerakligi haqida Forbes jurnalida maqola taqdim etildi.

Yaponiya 2018 yilda o‘z tarixida birinchi marta qonun darajasida mamlakatga xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga doir choralarni qabul qildi. 2020 yilgacha Yaponiya oliy ta'lim muassasalariga xorijliklar o‘qishga kirishini yengillashtirish maqsadida oliy ta'lim tizimini isloh qilish rejalashtirilgan.

Foto: LAF / Vostok Photo

"Amerikaga yetib olish va undan o‘zish" shiorini yaponlar 150 yildan ortiq vaqt ilgari hayotga tatbiq qila boshlashgan, o‘shanda bunga qadar yopiq bo‘lgan mamlakat xalqaro munosabatlar tizimini o‘rnata va G‘arb texnologiyalarini olib kira boshlashgan. US News & World Report reytingiga ko‘ra, bugunga kelib Yaponiya turmush darajasi bo‘yicha jahonda beshinchi o‘rinni egallaydi, Yaponiya iqtisodiyoti esa - Amerika va Xitoy iqtisodiyotidan keyin uchinchi pog‘onada.

2018 yilning yozida past malakali ishchi kuchining surunkali yetishmasligi Yaponiya hukumatini migratsiya siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Salbiy demografik ko‘rsatkichlar (2017 yilda mamlakatda atigi 946 060 nafar bola dunyoga keldi) va bozorning yuqori malakali kadrlar bilan haddan ziyod to‘lishi inqirozli vaziyatni yuzaga keltirdi.

Hukumat maxsus viza rejimi joriy qilishi haqida e'lon qildi, bundan maqsad - 2025 yilga borib qishloq xo‘jaligi, qurilish, kemasozlik, shifoxona va mehmonxonaga yarim milliondan ortiq malakasiz ishchini jalb qilish. Maxsus migrant vizasi bo‘yicha Yaponiyada oilasiz 5 yildan ko‘p bo‘lmagan davrda ishlash mumkin bo‘ladi.

Yaponiyada G‘arbiy Yevropaning yuqori malakali kreativ kasblar mutaxassislari juda yaxshi qarshi olinadi, zero bu mamlakatda kreativlik yuqori baholanadi.

Ayni damda Yaponiya aholisining atigi 2 foizini chet elliklar tashkil qiladi. Forbes Life ekspatlar bilan suhbatlashib, Yaponiyada ish topish va o‘zlarini qulay his qilish uchun nimalarni bilish kerakligiga oydinlik kiritdi.

Bugungi kunda xorijlik talabalarning yarmidan ko‘pi Yaponiyada keyinchalik ishga joylashish va yashashni ko‘zlab ta'lim olishmoqda.

Yaponiya maktablari

Yaponiya ta'lim tizimi deyarli chaqaloqlik davridan boshlanadi. Masalan, yasli 3 oylik davridan boshlab bolalarni to‘liq kunga (7:30 dan 20:00 gacha) qabul qiladi.

16 yildan beri Tokio shahrida yashovchi jurnalist Yuriy Sinaleyevning fikricha, bu mamlakatda bolalarga juda katta e'tibor va e'zoz bilan munosabatda bo‘lishadi.

"Yaqinda Tokio markaziy ko‘chalaridan birida avtomobillar tirbandligi yuzaga keldi. Chamasi 10 yoshlardagi ikki qiz yo‘ldan o‘tayotib uzoqroq gaplashib qolishdi va svetoforning qizil chirog‘i yonganini sezishmadi. Qizlar yo‘lning o‘rtasida turishardi. Ikki tomondan harakatlanayotgan mashinalar ikki dugonaning suhbati tugashini indamay kutishdi. Hech qanday ortiqcha harakat va tovush yo‘q. Yashil chiroq yongandan keyingina qizlar ikki tomonga qarab ketishdi", - deydi u.

Foto: Shutterstock / Fotodom

MDU Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti bitiruvchisi,  Tatyana Naumova yaponlarning bolalarga bo‘lgan munosabatini quyidagicha baholaydi:

"Jamoatchilik joylarida bolalarni kuzatib tursangiz, shuning o‘zi kifoya. Yaponiyada - kattalarda ham, bolalarda ham hissiyotlar u qadar namoyish etilmaydi. Ular xuddi boshqacha dunyoqarash bilan tug‘iladigandek. Masalan, yapon bolasi charchadi, qaysarlik qilib, yig‘lab, polga yotib oldi, deylik. Ona uning yoniga o‘tirib, ovozini balandlatmay,  bolani uzoq tinchlantirishga harakat qiladi. Xotirjamlik va hurmat yaponiyalik ota-onalarning asosiy pedagogik usullari".

Bolalar 6 yoshdan maktabga borishadi va 18 yoshgacha o‘sha yerda ta'lim olishadi. Ta'lim uch bosqichni o‘z ichiga olgan: kichik maktab (1-6 sinf), o‘rta maktab (7-9 sinf) va katta maktab (10-12 sinf). O‘rta maktabdan boshlab o‘quvchilar albatta forma kiyishadi (har bir maktab o‘z formasiga ega), kichik sinflardagi o‘quvchilarning boshida maxsus beysbol-qalpoqlari (masalan, 1-sinf o‘quvchilarida - sariq, ikkinchi sinf o‘quvchilarida - qizil). Barcha o‘quv darsliklari bepul va albatta rang-barang. Har bir sinfda 25-35 kishidan ta'lim oladi. O‘quv yili 1 apreldan, ayni sakura daraxti gullaganda boshlanadi. Ta'til avgustga to‘g‘ri keladi.

Bolalar bog‘chalari va maktablar oshxonalarida tayyor ovqat yo‘q, shuning uchun konteynerlarda tayyor tushliklarning turli variantlari — «bento» — onalarning raqobat va bolalarning faxr omili. Ular to‘g‘ralgan sabzi, pomidor va pishgan guruchdan turli jonivorlarni yasashadi.

Yaponiyada Janubiy Koreyadagi kabi faqat bazaviy maktab ta'limi majburiy. Katta maktabga ingliz tili, matematika, yapon tili, tabiiy-ilmiy va ijtimoiy fanlardan kirish imtihonlari topshiriladi.

Kattalar maktabi profillar bo‘yicha taqsimlangan: gumanitar, fizik-muhandislik va tillar. Imtihonlarga maxsus qo‘shimcha ta'lim maktablari "dzyuku"da tayyorlashadi, bu yerda testlarni topshirish va iyerogliflarni yozish o‘rgatiladi. Ta'lim oyiga 300-400 dollarni tashkil qiladi. JASSO talabalar tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, ba'zi ota-onalar o‘z farzandining qo‘shimcha ta'limiga yiliga 7000 dollar sarflaydi.

Foto: Getty Images

O‘rta maktab ham xususiy, ham davlatga qarashli bo‘lishi mumkin. Xususiy maktab har doim ham davlat maktabiga nisbatan nufuzli va sifatli hisoblanmaydi. Qoidaga ko‘ra, xususiy maktablarda murakkab dasturni o‘zlashtirishga qiynaladigan o‘quvchilar o‘qiydi. O‘qish taxminan - oyiga 500 dollar.

Xususiy maktablarda ham, davlat maktablarida ham farroshlar yo‘q. Birinchi sinfdan tozalik uchun o‘quvchilar javob beradi.

Sinfni birgalikda tozalash, sport musobaqalari, jamoaviy loyihalar — barchasi kichik maktabdan boshlab o‘quvchilarni ko‘p soatlik kollektiv mehnatga o‘rgatishga yo‘naltirilgan.

Kattalar maktabi majburiy bo‘lmasa-da, 94 foiz o‘quvchi o‘qishni davom ettiradi. "O‘rta maktabdan keyingi bosqichni o‘qimaganlar faqat jismoniy mehnat talab qiluvchi qiyin  ishlarga umid qilishi mumkin - yo qurilish, yoki sanitarlik", - deydi Tokiodagi "Tinchlik" rus madaniy-ta'limiy markazi asoschisi Natalya Berezovskaya. Ta'kidlash joizki, bu kabi ishlarda ish haqi past emas — mamlakatda o‘rtacha turmush tarziga 1800 dollar ketsa, deylik sanitar oyiga 4000 dollar olishi mumkin. Yaponiyada minimal ish haqi - soatiga 9 dollar.

Oliy ta'lim

Fevral oyida butun mamlakat bo‘ylab "Senta siken" - markazlashgan bitirish imtihoni bo‘lib o‘tadi. U biryo‘la bir necha fandan o‘tkaziladi: ingliz tili, yapon tili, matematika, ijtimoiy fanlar. Universitetlarga kirish imtihonlari yanvar va mart oylarida bo‘lib o‘tadi. Davlat oliy ta'lim muassasalari o‘quvchi maktabdagi ta'limi davomida to‘plagan qo‘shimcha ballarni hisoblaydi: olimpiadalardagi g‘alabalar, bir necha tilni bilishi, qo‘shimcha kurslar sertifikatlari. Xususiy universitetlar uchun ichki testlar muhimroq.

Yaponiyaning eng nufuzli davlat universitetlari — Kioto va Tokio universitetlari. Xususiylardan — Keyo, Vaseda va iyezuitlar tomonidan asos solingan Oliy Sofiya donishmandligi universiteti. Tanlov bir o‘ringa 10 kishini tashkil qiladi.

Bakalavr bosqichida ta'lim olish, universitet turiga qarab 7 000 dollardan boshlanadi, magistratura va doktoranturada - 7 000 dollardan 12 000 dollargacha. Eng qimmat ta'lim - Vaseda Universitetida tabiiy-ilmiy yoki texnologik fakultetda akademik yil (42 000 dollargacha).

Chet elliklar uchun bir necha stipendial dasturlar bor - Yaponiya hukumati stipendiyasi va Ta'lim, madaniyat, sport, ilm-fan va texnologiyalar vazirliklari stipendiyalari, lekini ular ta'lim va yashash xarajatlarini to‘liq qoplamaydi, bu oyiga taxminan 1200 dollarni tashkil qiladi.

Chet ellik talabalarga ta'lim davrida haftasiga 28 soatgacha ishlashga ruxsat beriladi. Oliy ta'lim tizimi standart: 4 yil - bakalavriat, 2 yil - magistratura va 3 yil - doktorantura.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, yapon abituriyentlarining bor-yo‘g‘i 1 foizigina xorijda oliy ta'lim olishni tanlaydi. JASSO ma'lumotlariga ko‘ra, yapon talabalarining 80 foizi Amerika, Avstraliya, Kanada, Buyuk Britaniya va Yangi Zelandiya universitetlarini tanlashadi. Bu ingliz tilidagi bilimlarini takomillashtirish istagi bilan bog‘liq. Moskva - balet va figurali uchish maktablari, AQSh - texnologik ixtisosliklari, Yevropa (Italiya, Fransiya, Germaniya) esa - vino va qandolatchilik mahoratlari bilan jalb qiladi. Qolgan sohalarda yapon oliy ta'lim muassasasi diplomi xorijiy diplomdan afzal sanaladi.

Yaponiya OTMlariga faqat 18 yoshdan o‘qishga kirish mumkin. Vunderkindlarga qiziqish yo‘q. Hujjatlar faqat maktabdagi 12 yillik ta'limni tasdiqlovchi abituriyentlardan qabul qilinadi.

JASSO ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda Yaponiyada 267 042 nafar chet ellik tahsil olgan. Ulardan 249 242 nafari - Osiyo mamlakatlari (Xitoy, Vetnam)dan, Yevropadan esa - 8 669 kishi kelgan. Shulardan bor-yo‘g‘i 3 220 nafarigina oliy ta'lim muassasalari talabalaridir.

Foto: REUTERS

Dmitriy Malyshev 2000 yilda Xitotsubasi Universiteti magistraturasini tugallayotganida Yaponiya OTMlarida 999 chet ellik talaba o‘qigan. Dmitriy seminarlardan katta taassurot olgan: "Ma'ruza tayyorlagan talaba uni qolganlar oldida taqdim etgan. Muhokamalar shu qadar qizg‘in tus olganki, ko‘p holatlarda hatto yoqimsiz gaplarni eshitishga to‘g‘ri kelgan".

2020 yilga borib Yaponiya hukumati ta'lim tizimi islohotini o‘tkazish va oliy ta'limni ingliz tilini ko‘proq o‘rganishga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda, bundan maqsad - xorijiy talabalarni jalb qilish va inglizzabon mamlakatlar OTMlari bilan almashuv dasturlarini rivojlantirish.

Ish topish

Talabalarning ish izlash mavsumi bakalavriatning uchinchi kursida boshlanadi va mart oyidan avgustgacha davom etadi. Universitetdagi ta'limning oxirgi oyiga borib talabalar qayerda ishlashlari haqida aniq bilishadi.

Talaba ishga qabul qilinayotganda unga faqat «naytey»rasmiy xati yo‘llanadi: "Kompaniyamiz sizning nomzodingizni ko‘rib chiqib, ishga taklif qilishni joiz deb topdi. Ishga kirishishga rozi yoki noroziligingiz haqida falonchi sanagacha xabar qiling".

"Ishga qabul qilinayotganda OTM ahamiyatli, lekin suhbat chog‘ida diplomdan ko‘ra ko‘proq insoniy fazilatlarga e'tibor qaratiladi. Ishchi mehribon, yoqimtoy va gapga kiradigan bo‘lishi muhim, - deya izohlaydi Natalya Berezovskaya. - Agar ishga qabul qilinmagan bo‘lsa, ehtimol, direktor boshqa toifadagi xodimni izlayotgan bo‘lishi mumkin".

Yaponiyaning yirik kompaniyalari xorijiy mutaxassislarni ishga taklif qiladi, ayniqsa, muhandislar va IT-mutaxassislar mashhur. Amazon'ning Yaponiyadagi bo‘limi, Indeed, NTT Data, Fujitsu, dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchilari, Toyota, Sony, Kubota, Komatsu korporatsiyalari ishchilarni shartnoma asosida qabul qiladi. Tokioda tajribali muhandislarning ish haqi 5000-6000 dollardan boshlanadi, bemalol oila a'zolari bilan qulay sharoitda yashash mumkin. Taklifnoma asosida universitetlarga ishlashga keluvchi ilmiy xodimlarga ham yaxshi maosh to‘lanadi, assistent ish haqi - 4500-5000 dollar, professor maoshi esa - 22000 dollargacha.

 

Yangi xodimlar kompaniyalarda biznes-muloqot va ish etiketiga o‘rgatiladi.

Biznesda "to‘g‘ri yo‘l tutish" tizimi yaponlar tomonidan o‘nlab yillar davomida tuzilgan. Yangi xodimlar yozishmalar va og‘zaki muloqotda qo‘llashlari uchun biznes-shakllarni yod olishlariga to‘g‘ri keladi.

"Mening fikrimcha, har qanday faoliyat uchun mukammal qoida - odamlarning jamoaviy ish yuritishi va biror ishdan bir-birini xabardor qilishi. Ha, buning o‘ziga yarasha salbiy tomoni bor, masalan, faol tashabbus bildirish mumkin emas, barcha qarorlarni guruhda qabul qilish kerak", - deydi Natalya Berezovskaya.

"Kamtarga kamol" — Yaponiyada bu shunchaki maqol emas. Masalan, Yaponiyada sizning yapon tilida yaxshi gapirishingizni aytib maqtashsa, bunga javoban "Bu mening "soyam" (menga yapon tilini o‘rgatgan inson) sharofati bilan" deyish kerak.

Yaponcha ishlash

Yaponiya — mehnatkash insonlar mamlakati. 2018 yilda ishsizlik darajasi 3,2-3,3 foiz darajasida. Yaponlar ishi bilan yonib yashaydi — ularda biznes va hayot chambarchas bog‘liq.

Soat 22:00-23:00 gacha ishlash - Yaponiyada odatdan tashqari emas, odatiy holat. Berezovskaya buni kichik yoshligidanoq mehnatsevarlik va jaomaviylikka sodiqlik xislatlarini rivojlantiruvchi ta'lim tizimi bilan izohlaydi. Barcha muhim boshqaruv qarorlari menejyerlar jamoasida qabul qilinadi.

"Yaponiyada o‘z kompaniyasini ochgan insonga juda katta hurmat bilan qarashadi. U xodimlar uchun otasi kabidir, xodimlar kompaniya manfaati yo‘lida hamma narsaga tayyor, chunki ish haqi shunga bog‘liq. Bu yerda hamma o‘z oldiga emas, hamma bir-biriga bog‘liq", - deydi u.

Yaponiyada biznesni yo‘lga qo‘yish

Qoidalar bo‘yicha harakat qilish va mashaqqatli mehnat yapon jamiyati tomonidan munosib mukofotlanadi. Jahon banki hisobotiga ko‘ra, Yaponiya shaxsiy biznes ochish osonligi bo‘yicha 34-o‘rinda (1-o‘rinda — Yangi Zelandiya). Hujjatlarni rasmiylashtirishga 12 kun ketadi va bu to‘qqiz bosqichda amalga oshiriladi. Ishbilarmonlar uchun axborot tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan - mamlakatda 300 dan ortiq axborot bilan qo‘llab-quvvatlovchi maslahat markazlari faoliyat ko‘rsatadi. Barcha zarur ma'lumotlar Yaponiya kichik, o‘rta biznes va innovatsiyalar tashkiloti ma'lumotlar bazasida bor.

Mamlakatdagi asosiy biznes - xizmat ko‘rsatish sohasidagi kichik va o‘rta biznes. Yaponiya iqtisodiyot vazirligining Kichik va o‘rta ishbilarmonlik agentligi hisobotiga ko‘ra, 2017 yilda mamlakatdagi kichik va o‘rta biznes ulushi 99,7 foizga yetdi. Aynan kichik va o‘rta biznes mamlakatdagi eng ko‘p ish o‘rinlarini ta'minlaydi, mehnatga layoqatli aholining taxminan 80 foizi shu sektorda band. Yirik kompaniyalar umumiy kompaniyalarning 0,3 foizini tashkil qiladi va asosan megapolislarda joylashgan. Biznesning tan olingan poytaxtlari — Tokio va Osaka.

Foto: REUTERS

Yapon tili

Xorijliklar uchun Yaponiyada ishlash til maktabi orqali amalga oshadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, yevropalik 9 yoshgacha yapon tilini o‘rganishni boshlamagan bo‘lsa, uni to‘laligicha egallay olmaydi: 50 000 ga yaqin iyeroglif, yuqori va past usullar, o‘qishning bir necha varianti. Yapon alifbosi ("xirogan")da 46 asosiy belgi va 100 birikma mavjud. Yaponlarning barchasi ham o‘z tilini mukammal egallamagan, masalan, biolog fizikadagi iyerogliflar ma'nosini tushunmaydi va aksincha. Boz ustiga, mamlakatning turli hududlarida talaffuz turlicha.

Bazaviy yapon tilisiz chet elliklar biror universitet yo kompaniyaga ishga qabul qilinmaydi. 2-darajadan kam bo‘lmagan til imtihonini topshirganlik to‘g‘risidagi sertifikat talab qilinadi. Hozir xorijliklar uchun eng mashhur darslik — «Minna no Nixongo», unda kompaniyalarda ishlash uchun zarur asosiy shakllar to‘plangan. Xususiy universitet qoshidagi til maktabi va kurslarda yillik ta'lim narxi - 6800 dollardan 8700 dollargacha.

Yapon tilida ishonchli muloqot qilish va yozish uchun katta yoshli kishiga kamida 5 yil kerak bo‘ladi. Yaponiyada malaka oshirmay, yapon tilini o‘rganish qiyin. Qoidaga ko‘ra, masalan, boshqa mamlakatda yapon tilini o‘rgangan talaba Tokioga kelganida do‘kondan sabzavotlarni xarid qilishning o‘zidayoq kommunikatsion muammolar yuzaga keladi.

IT-texnologiyalar, arxitektura hamda yapon modellar sanoati yaponcha gapirmaydigan xodimlarni qabul qiladi. Modellar bilan ingliz tilida so‘zlashishadi, qulaylik uchun ularga yapon menejyeri biriktiriladi. Biroq yapon modalar sanoati go‘zallik standartlariga muvofiq kelish uchun model yaponlar tushunchasidagi tashqi ko‘rinishga ega bo‘lishi kerak.

Mavzuga oid