Jahon | 15:53 / 17.01.2019
4719
2 daqiqa o‘qiladi

Yamaykada inflatsiya haqida raqsga tushib, qo‘shiq kuylashdi

Foto: Jonathan Daniel/Getty Images

Yamayka banki iste'mol narxlariga nisbatan siyosati haqidagi ma'lumotni tarqatishning nostandart uslubiga murojaat qilishga qaror qildi: bu davlatda videoroliklar chiqarildi, ularda raqqoslar va qo‘shiqchilar reggi uslubida «past inflatsiya» bilan maqtanadi. Bu haqda Bloomberg agentligi yozmoqda.

Yamayka bankining kampaniyasi 2018 yil dekabrida boshlangan. Videoroliklar mahalliy televideniyeda namoyish etildi va bankning tvitterdagi sahifasida joylashtirilmoqda, shuningdek, mamlakat bo‘ylab reklama shchitlarida bas-gitaralar hamda boshqa musiqiy asboblarning quyidagi yozuvdagi tasvirlari paydo bo‘ldi: «Iqtisodiyot uchun past va barqaror inflatsiya - reggi uchun xuddi bas yo‘nalishdek».

«Biz odamlar e'tiborini jalb qilishga harakat qilmoqdamiz. Inflatsiya - har bir fuqaroning ishi va biz u haqiqatan ham har bir kishi ishiga aylanishini istaymiz», - dedi kampaniyani o‘ylab topgan bank xodimi.

Tadqiqotlar va iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha gubernator o‘rinbosari Ueyn Robinsonning fikricha, reggi - Yamaykaning tashrif qog‘ozi, «musiqa esa bizning DNKda bor». Noyob yondashuv inflatsiya masalasiga aholi e'tiborini tortish imkonini beradi.

«Past va barqaror inflatsiya - bu iqtisodiyotning yurak urishi!» - deyiladi bank tvitterida e'lon qilingan so‘nggi videorolikda.

2018 yil oktyabrida Yamayka hukumati qonun loyihasini taqdim etdi, unga muvofiq inflatsiyani targetlash mamlakat markaziy banki mandatining asosiy maqsadi hisoblanadi. 2017 yil sentyabridan beri bank 4-6 foizli manzilli ko‘rsatkichni saqlab qoldi va yangi strategiyasi orqali pul-kredit siyosati bo‘yicha kommunikatsiya hamda hisobotlarni yaxshilashga umid bildirdi.

Mavzuga oid