«Texnik xato» tufayli ikki oliygohdan ham quruq qolgan qiz: uning muammosiga yechim topiladimi?

Foto: Fotolia
Samarqand shahrida yashovchi Fotima Usmonova o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabab bilan talabalar safidan chiqarib yuborildi. Mana, yarim yildirki institut rahbariyati va boshqa idoralarga qilingan murojaatlar mutlaqo natija bermayapti.
Sobiq talabaning onasi — Nazira Usmonova Kun.uz tahririyatiga murojaat qilib muammo qanday kelib chiqqanini so‘zlab berdi.
Xullas, Fotima Usmonova 2017 yil Rossiyadagi Xalqlar do‘stligi universitetiga o‘qishga kirgan. O‘qishning birinchi bosqichini tugallab, 2018 yil oilaviy sharoit tufayli o‘qishini Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga ko‘chirishga qaror qilgan.
2018 yil 5 avgustda tegishli hujjatlar ishchi guruh tomonidan qabul qilingan, hech qanday e'tiroz bildirilmagan. 24 avgustda esa Usmonova o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus test sinovlarini muvaffaqiyatli topshiradi va uning ism-sharifi o‘qishga kirganlar ro‘yxatiga kiritilib, e'lon qilinadi. 7 sentyabrda esa institut qabul bo‘limi boshlig‘i to‘lov shartnoma qog‘ozini beradi va shartnoma puli ham to‘lanadi.
Qisqasi, F.Usmonova o‘qishni boshlab yuboradi. 2018 yil 12 sentyabrda iqtisodiyot va menejment fakulteti iqtisodiyot yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilingani to‘g‘risida Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti rektori nomiga Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori imzosi bilan rasmiy xat ham yuboriladi. Tabiiyki, mana shu xat asosida Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti Rahmonqulovani talabalar safidan chiqaradi. Eng yomoni shundan keyin sodir bo‘ladi: 17 sentabr kuni talabaning uyiga institutdan qo‘ng‘iroq bo‘ladi — «Qizingiz o‘qishga qabul qilinmadi».
Talabaning yaqinlari ertasi kuniyoq rektor qabuliga, u yerdan izoh ololmagach, o‘quv bo‘limi boshlig‘i uchraydi. Bo‘lim boshlig‘i I.Shodmonov esa «Qizingiz Xalqlar do‘stligi universitetida sirtdan tahsil olgan, Nizom bo‘yicha sirtqi ta'lim olayotgan talabalar kunduzgi bo‘limlarga qabul qilinmaydi».
Endi sobiq talaba va uning yaqinlari haqli ravishda qator savollarni o‘rtaga tashlamoqda.
1. 5 avgust. Nizomga to‘g‘ri kelmas ekan, nima uchun F.Usmonovaning hujjatlari e'tirozlarsiz qabul qilindi?
2. 24 avgust. Nima uchun Usmonova ta'limni ko‘chirish bo‘yicha onlayn test sinoviga kiritildi?
3. Nima uchun o‘qishga qabul qilindi?
4. 7 sentabr. Qaysi asosga ko‘ra ta'lim uchun ikki tomonlama shartnoma tuzildi va shartnoma pulini to‘lashga ruxsat berildi?
5. Usmonovaning ikki yil boy berilgan umri uchun kim javobgar?
Xuddi shu savollar bilan institut ma'muriyatiga bog‘landik. O‘quv bo‘limi boshlig‘i I.Shodmonov quyidagicha javob berdi:
— Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta'lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 12-bandiga muvofiq sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limdan kunduzgi ta'limga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limning bir ta'lim sohasidan ikkinchisiga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom ham respublika oliy ta'lim muassasalaridagi mavjud ta'lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta'lim shaklida o‘qiganlarga fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobini berishga asos bo‘ladi».
Xo‘p, belgilangan qoida bo‘yicha, mazkur amaliyot mumkin emas ekan nima uchun ikki o‘rtada shartnoma imzolandi? Va eng yomoni: SamISI rektori Rossiya xalqlar do‘stligi universitetiga rasman xat yubordi?!! Ana shu kabi savollarga institut tomonidan hali ham asosli javob berilgani yo‘q.
Talabaning onasi viloyat hokimiga, viloyat xalq qabulxonasiga va boshqa ko‘plab tashkilotlarga tinimsiz murojaatlari afsuski natija keltirmaydi.
— Institutdagilar menga «vaqtida qizingizning sirtqi bo‘limda o‘qiganini aytmagansiz», deb turib olishgan, — deydi talabaning onasi N.Usmonova. — Axir, butun boshli hujjatlar taxlamini topshirgan bo‘lsak, ularda rasman yozib qo‘yilgan bo‘lsa qay tartibda o‘qigani, qanday qilib yolg‘on ma'lumot berishim mumkin? Hujjatlarni ochib ham qaramagan institut ma'muriyati oxir-oqibat yana o‘zimni aybdor qilib qo‘ymoqda. Endi esa «hujjatlarni kerakli odamga bermagansiz», deyishyapti. Arzimagan, asossiz gaplar bilan nabiram har ikki institutdan ham talabalar safidan chiqib turibdi. Unga qanday tasalli beraman?
Yuqoridagi ikki vaj bo‘yicha. Avvalo institut ma'muriyatiga savol: Ko‘chadan istagan odam kelib «Men Xalqlar do‘stligi universitetida kunduzgi bo‘limda o‘qiyman», degan gapi o‘qishga qabul qilish uchun asos bo‘lishi mumkinmi? Agar mumkin bo‘lmasa, bu ishda avvalo tegishli hujjatlar o‘rganiladigan bo‘lsa, bugun nega talabaning o‘zi aybdor bo‘lib qolmoqda. Axir, ta'lim muassasalariga qabul qilish Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasiga taqdim etilgan hujjatlar (Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti rektori tomonidan berilgan ma'lumotnoma, rektor imzosi bilan berilgan talabaning reyting daftari kabilar)ning barchasida Rahmonqulovaning sirtqi ta'lim olgani aniq yozib qo‘yilgan-ku!? O‘zi bu hujjatlar ochib ko‘rilganmi?
Agar ana shu hujjatlarga qabul komissiyasi e'tibor qaratmagan bo‘lsa, ayb kimda? Talaba Nizomda nima yozib qo‘yilganini qayoqdan bilsin? Agar 17 sentyabrga qadar institutga talabaning oldingi o‘qish joyidan rostdan ham ma'lumot kelmagan bo‘lsa qaysi asos bilan u talabalar safiga qabul qilingan?
Institut sobiq talabaning kerakli hujjatlarni Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasidagi aynan R.Norqorayeva degan kishiga topshirmagani vajini ham bildirmoqda. Bu «jiddiy» vajga alohida to‘xtalib o‘tirmadik. Har holda talaba hujjatlarini ana shu komissiyaga taqdim etgan va shu asosda u imtihonlarga kiritilgan, shartnoma imzolangan.
Shu tariqa, e'tiborsizlik natijasida bir qiz o‘qish joyidan ajrab qolmoqda. Bunga qanday yechim topishni nega hech kim bilmayapti?
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid

13:24 / 28.11.2024
“Samarqandni odamlar shahriga aylantirishimiz kerak, hozir mashina-shaharga aylangan” - Turdimov

21:39 / 27.11.2024
Samarqandda tramvayning 3-yo‘nalishi ochilishi mumkin

11:25 / 29.09.2024
Samarqandda beshta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

11:14 / 24.09.2024