Jamiyat | 18:11 / 01.04.2019
8319
2 daqiqa o‘qiladi

Qimorxonadagi marixuana oldi-sotdisi fosh qilindi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ vakillari bilan hamkorlikda narkotik moddalarning oldi-sotdisiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.  

«Tadbir davomida, fuqaro A.N.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada fuqaro o‘z uyini qimorxonaga aylantirib, u yerning o‘zida narkotik moddalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanayotgani ma'lum bo‘ldi. Mazkur xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, 3 dona gugurt qutilariga joylangan giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi», — deyiladi qo‘mita axborotida. 

Ekspertiza xulosasiga muvofiq, olingan ashyoviy dalillar vazni 17,8 grammni tashkil etuvchi «marixuana»  ekani tasdiqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergovgacha tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid