O‘zbekiston | 22:24 / 03.06.2019
14293
2 daqiqa o‘qiladi

“Terminator” filmi prodyuseri O‘zbekistonda Gollivud blokbasterini suratga oladi

Foto: Facebook /uzbekistanfilmcommission

Amerikalik taniqli kinoprodyuser Lourens Alan Kasanoff O‘zbekiston Milliy kinokomissiyasi a'zolari hamrohligida navbatdagi filmi uchun suratga olish joylarini tanlash maqsadida Samarqand, Buxoro va Toshkentni ko‘zdan kechirdi.

Kasanoff ishtirokidagi Gollivud blokbasteri O‘zbekistonda suratga olinishi kutilmoqda.

Milliy kinokomissiya o‘z zimmasiga O‘zbekiston shaharlarida suratga olish jarayonini tashkillashtirish bo‘yicha majburiyatlarni olgan va amerikalik kinoijodkorlar guruhiga suratga olish vaqtida hamrohlik qiladi. 

Kasanoff Mortal Combat franshizasi asoschisi va “Terminator”, “Lego – yulduzlar jangi” filmlari prodyuseri sifatida ma'lum. U “Terminator 2” filmiga prodyuserlik qilgani uchun AQSh kinoakademiyasi mukofoti bilan taqdirlangan. Kasanoff, shuningdek, rejissyor Jyeyms Kemeron suratga olgan va bosh rolni Arnold Shvarsenegger o‘ynagan “Haqiqatga o‘xshash yolg‘on” filmining ijrochi prodyuseri hisoblanadi. U 1990 yilda Kemeron bilan birgalikda asos solingan “Lighstorm Entertainment” kinokompaniyasi hamta'sischisidir. Bu kompaniya “Titanik”, “Avatar” kabi jahonshumul filmlarni prodyuserlashtirish bilan shug‘ullangan. Kasanoff 200 dan ko‘proq filmning yaratilishida ishtirok etgan.  

O‘zbekiston Milliy kinokomissiyasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Yoshlar ittifoqi, “O‘zbekkino” milliy agentligi va Kinematografiyani rivojlantirish markazi bilan hamta'sislikda 2018 yilda tashkil etilgan. Tashkilot kinoturizmni rivojlantirish, xorijiy kinokompaniyalarga O‘zbekiston hududida kinomahsulotlarni ishlab chiqarishda tashkiliy, ishlab chiqarish-texnik yordam ko‘rsatish, mamlakatdagi kinolokatsiyalarning xorijda ilgari surilishi uchun mas'ul hisoblanadi.

Mavzuga oid