O‘zbekiston AQSh bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytiradi

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi
30 avgust kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida AQShning favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblyum qabul qilindi. Vazir Inomjon Majidov va Daniel Rozenblyum zamonaviy ta'lim yo‘nalishlarida malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida kelgusida oliy ta'lim sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.
Uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida AQShga qilgan davlat tashrifi davomida imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasida oliy ta'lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilgani qayd etildi.
Elchi amerikalik mutaxassislarning o‘zbek oliy ta'lim muassasalarida ingliz tili fanini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, o‘quv reja va dasturlarni tuzish, qolaversa, ikki davlat o‘rtasida akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yishga qo‘shayotgan hissasini e'tirof etdi. Shu bilan birga istiqbolda malakali kadrlar tayyorlashda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda hali juda katta imkoniyatlar borligini aytib o‘tdi.
– So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalari to‘qimachilik va kimyo sanoati, farmatsevtika, arxitektura va qurilish, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, mashinasozlik, energetika va boshqa shu kabi texnika va muhandislik fanlari sohasida xalqaro hamkorlik qilishga katta e'tibor qaratmoqda, – dedi uchrashuvda Inomjon Majidov. – Biz AQSh bilan bu yo‘nalishlarda Toshkentda AQSh universitetlari filialini tashkil qilish yoki kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta'lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik qilishga doim tayyormiz.
Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Toshkentda Vebster universitetining ta'lim dasturlarini amalga oshirish markazining ochilishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning misolidir. Joriy o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlagan Vebsterning Toshkent filialida kompyuter texnologiyasi, boshqaruv va iqtisod, media kommunikatsiyalar, maktabgacha ta'lim sohasida bakalavrlar tayyorlanmoqda.
Mavzuga oid

23:18 / 10.05.2025
AQShda ona va o‘g‘il bir vaqtda universitetni tamomladi

22:28 / 10.05.2025
Ukraina muzokaraga tayyorligini aytdi, Rossiya o‘ylab ko‘rishini ma’lum qildi

20:58 / 10.05.2025
Kellog 30 kunlik otashkesimdan keyin Ukraina mojarosiga barham berilishini aytdi

17:43 / 10.05.2025