O‘zbekiston | 13:58 / 24.09.2019
22397
2 daqiqa o‘qiladi

Elyor G‘aniyev prezident topshirig‘i bilan Gruziyaga boradi

Elyor G‘aniyev / Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Elyor G‘aniyev Gruziyaga tashrif bilan boradi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchisi Guseyn Guliyev bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

A. Komilov Ozarboyjon tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli infratuzilma loyihalari tufayli mintaqaviy tranzit markazi qulay holatga kelgani, 2017 yilda foydalanishga topshirilgan Boku-Tbilisi-Qars temir yo‘li loyihasi Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa, xavfsiz va tejamkor bo‘g‘inga aylanganini ta'kidladi. U ushbu ulkan hissa Yevrosiyo mintaqasida yo‘lovchi hamda transport tashuvlarini kuchaytirishga yordam berishiga umid bildirdi.

Vazir Boku-Tbilisi-Qars temir yo‘l loyihasi bilan taqdim etilgan tranzit imkoniyatlaridan foydalanish ikki mamlakat, shu jumladan, Osiyo davlatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rag‘batlantirishini ta'kidladi. 

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining topshirig‘iga binoan, yaqin kunlarda bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyevning Gruziyaga tashrifi kutilmoqda. Tashrifning maqsadlaridan biri - Boku-Tbilisi-Qars temir yo‘li loyihasini va Gruziya tomonidan tranzit imkoniyatlaridan foydalanishni o‘rganish.

Mavzuga oid