Jahon | 00:27 / 09.10.2019
3043
2 daqiqa o‘qiladi

JSST: ko‘rish qobiliyati buzilgan insonlarga yordam berish uchun 14 milliard dollar kerak bo‘ladi

Foto: Pixabay

Dunyo bo‘yicha kamida 2,2 milliard kishining ko‘rish qobiliyati yomon yoki ko‘zi ojiz bo‘lib, yana kamida 1 milliard kishi oldini olish mumkin bo‘lgan ko‘z kasalliklaridan aziyat chekmoqda. Bu ma'lumotlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan Jyenevada e'lon qilingan hisobotda keltirildi.

JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesusning bayonotiga ko‘ra, "ko‘z kasalliklari ko‘pincha davolanmasdan qolib ketadi". 

"Oftalmologik yordamga muhtoj insonlar moliyaviy qiyinchiliklarsiz sifatli xizmat olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak", dedi u. 

JSST rahbari bunday yordamni "milliy bazaviy sog‘liqni saqlash rejalari va paketlariga kiritish" har qanday mamlakatning umumiy sog‘liqni saqlash qamroviga erishishda muhim omil ekanligini ta'kidladi.

Gebreyyesus katarakta bo‘yicha operatsiya yordamida bir kun ichida davolash imkoni bo‘laturib, 65 million kishi ko‘rish qobiliyatining buzilishidan aziyat chekayotganini eslatib o‘tdi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, 800 milliondan ortiq kishi ko‘zoynak sotib olishga imkoniyati yo‘qligi uchun to‘laqonli hayot kechira olmaydi.
"Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi", deb ta'kidladi u.

JSST ko‘z kasalliklari qishloq joylarda, kam ta'minlanganlar va qariyalar, nogironlar, ayollar va etnik ozchilik orasida ko‘proq uchrashiga e'tibor qaratdi. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, ko‘rish qobiliyati buzilgan 1 milliard kishiga yordam berish uchun 14 milliard dollar kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid