Buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan bemorlarning muammolari qachon hal etiladi? Hukumat vakillari javob berdi
31 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida davlat dasturining 2019 yil III choragida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hisoboti tinglandi.
Majlisda deputat Abdurashid Abduqodirov O‘zbekiston fuqarolari nefrologiya va gemodializ muolajasini olishda muammolarga uchrayotgani, jumladan, buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan bemorlar ana shunday muolajani olish uchun uzoq yillar navbatda turib qolayotganini ta'kidlab, hukumatdan mazkur masala yuzasidan izoh so‘radi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov olib borilayotgan islohotlarga qaramasdan hali tibbiyot sohasida muammolar ko‘pligini tan oldi. Uning aytishicha, O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan 2019–2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida ko‘zda tutilgan yo‘nalishlar ichida nefrologiya va gemodializ masalasi ham bor.

«O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 12 iyuldagi qarori bilan Respublika nefrologiya, gemodializ va transplantologiya markazi tashkil etildi. Bu yerda qurilish ishlari olib borilyapti va Kuvayt arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasidan olingan kreditlar hisobidan Respublika nefrologiya, gemodializ va transplantologiya markazi va hududlardagi boshqa tibbiyot muassasalari mana shu yo‘nalishdagi jihozlar bilan ta'minlanmoqda. Tibbiy jihozlar shu yildan kelishni boshlagan bo‘lib, 2020 yilning avgustigacha respublika bo‘yicha ta'minot to‘liq yakunlanadi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Sog‘liqni saqlash vaziri mana shu yo‘nalishdagi bemorlarga yordam berish uchun respublikada transplantologiya masalasi yo‘lga qo‘yilganiga ikki yil bo‘lganini, transplantatsiya qilingan bemorlar budjet hisobidan zarur dorilar, immunosupressorlar bilan to‘la ta'minlanganini ta'kidladi. Alisher Shodmonovning ishontirishicha, mazkur yo‘nalishdagi bemorlar e'tiborda, bu borada ishlar olib borilyapti, muammolar ketma-ketlik bilan hal qilinmoqda.
Moliya vaziri o‘rinbosari Shohrux Shorahmetov ham mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

«Chindan ham nefrologiya va gemodializ muolajasi bilan bog‘liq qiyinchiliklar bo‘lyapti. Joriy yilda «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganidan keyin 10 million dollarlik yangi loyiha boshlab yubordik. Joriy yilning dekabrida shu loyiha amalga oshirilishi kerak. Loyiha doirasida jalb etiladigan investitsiya hisobidan O‘zbekistonda 3ta zamonaviy dializ markazlarini qurmoqchimiz. Markazlar Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Toshkentda tashkil etiladi. Bu yerda bemorlarga kafolatlangan sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Bu ham, mana, budjet mablag‘larini ishlatmasdan, investorlarning mablag‘i hisobiga amalga oshirilmoqda», deydi Shohrux Shorahmetov.
Mavzuga oid

19:43 / 09.01.2024
Alisher Shodmonov uzoq muddatli ta’tilga chiqdi

10:26 / 12.08.2023
Alisher Shodmonov vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lib qaytdi

17:30 / 05.07.2022
“Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri” - Alisher Shodmonov

09:58 / 30.03.2021