O‘zbekiston | 08:08 / 24.12.2019
3353
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda MDHga raislik doirasida jami 30dan ortiq tadbir o‘tkazish rejalashtirilmoqda

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovni kuzatuvchi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Missiyasi rahbari sifatida mamlakatga kelgan MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – ijrochi direktori Sergey Lebedev bilan uchrashdi.

TIV xabariga ko‘ra, Sergey Lebedov 22 dekabr kuni yakunlangan saylov jarayoniga yuqori baho berdi. Qayd etilganidek, uni 50 ga yaqin davlat, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, yetakchi OAVdan 800 dan ortiq xalqaro kuzatuvchilar va jurnalistlar kuzatdi. Shaffoflik va siyosiy partiyalar o‘rtasida ochiq demokratik kurash tamoyillari asosida o‘tgan saylov yangi O‘zbekiston shakllanishi jarayonining ortga qaytmasligini yaqqol namoyon qildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning 2020 yilda MDHdagi raisligi doirasida mamlakat va Hamdo‘stlik Ijroiya qo‘mitasi o‘rtasidagi munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonning MDHdagi raisligi tuzilma salohiyatini yanada to‘liq namoyon etishiga xizmat qilishiga umid bildirildi. O‘zbekiston tomoni ishlab chiqqan Konsepsiya va uni amalga oshirish bo‘yicha Tadbirlar rejasida MDHdagi raislikning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Xususan, O‘zbekistonda jami 30 dan ortiq tadbirlar, jumladan Hamdo‘stlikning asosiy organlari – Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashi, Iqtisodiy kengash, Tashqi ishlar vazirlari kengashi va boshqa qator sohaviy tuzilmalarining yig‘ilishlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Suhbat chog‘ida hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan ham fikr almashildi.

Mavzuga oid