Jahon | 08:01 / 06.01.2020
87295
2 daqiqa o‘qiladi

Tehron yadro kelishuvidan rasman chiqdi

Foto: AP Photo/Ronald Zak

Eron 5 yanvarda yadro dasturi bo‘yicha Birgalikdagi harakatlar rejasidan chiqishini e'lon qildi.  

“Eron yadro kelishuvi bo‘yicha, birinchi navbatda sentrifugalar soni bo‘yicha, cheklovlardan batamom voz kechadi. Shu tariqa Eron yadro dasturi bo‘yicha ishlab chiqarish borasida, jumladan uranni boyitish quvvati va bu sohada tadqiqoqlar o‘tkazish va dasturni yanada rivojlantirishda hech qanday cheklovlarga ega bo‘lmaydi”, deb aytilgan Eron hukumati bayonotida.

Ta'kidlanishicha, Eron Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bilan hamkorlikni davom ettiradi va Eronga qarshi sanksiyalar bekor qilinsa hamda uning manfaatlari kafolatlansa, yadro kelishuvi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qaytadi. 

Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Abbos Musaviyning ta'kidlashicha, Tehron harakatlar rejasini imzolagan beshta davlat bilan muzokaralarni davom ettiradi, biroq bundan avval AQSh general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi uchun javob berishi lozim.

Birgalikdagi harakatlar rejasi 2015 yilda Eron va 6 ta davlat o‘rtasida imzolangan. Kelishuvda Eronga qarshi xalqaro sanksiyalar bekor qilinishi evaziga Tehronning o‘z yadro dasturini cheklashi ko‘zda tutilgan edi. Biroq 2018 yilda AQSh prezidenti Donald Tramp kelishuvdan chiqishini va Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalar tiklanishini e'lon qilgandi. Shundan keyin Tehron harakatlar rejasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bosqichma-bosqich qisqartirishni boshlagan edi.

Mavzuga oid