Jahon | 07:53 / 30.04.2020
25066
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda ichida o‘nlab chiriyotgan jasadlar bo‘lgan yuk mashinalari aniqlandi

Nyu-Yorkning Bruklin tumanidagi dafn byurosi yaqinidagi yuk mashinalarida o‘nlab chiriyotgan jasadlar aniqlandi.

Foto: Robin Stein/The New York Times

Bu haqda New York Times nashri xabar berdi.

Nyu-York AQShda koronavirus epidemiyasining markaziga aylanib, shaharda virusga chalinganlar soni tobora kamayib borayotganiga qaramay, yo‘qotishlar ko‘lami yuqoriligicha qolmoqda.

Ma'lum qilinishicha, politsiyaga 29 aprel soat 11lar atrofida qo‘shni uylar aholisidan avtomobillardan badbo‘y hid tarqalayotgani haqida ma'lumot kelib tushgan. Politsiya xodimlari voqea joyiga kelib, ichida o‘nlab chiriyotgan jasadlar bo‘lgan yuk mashinalarini aniqlashgan.  

Nashrning ta'kidlashicha, topilgan jasadlar egalaridan qanchasi koronavirusdan o‘lgani noma'lum. 

Amaldorlardan birining ma'lum qilishicha, dafn byurosi muzlatkichli kameralari ishlamay qo‘ygandan keyin murdalarni yuk mashinalarida saqlay boshlagan.

Politsiya ushbu hodisa yuzasidan tergov boshlagan.

Avvalroq shahardagi dafn byurolaridan birining egasi Dmitriy Lisovetskiy koronavirus epidemiyasi nafaqat sog‘liqni saqlash tizimi, balki dafn xizmatlari uchun ham mustahkamlikka sinov bo‘lganini aytgan. Shahardagi ko‘p sonli o‘limlar sababli tobutlar taqchilligi yuzaga kelgan, krematsiyani esa bir oy kutishga to‘g‘ri kelmoqda.

Mavzuga oid