Jahon | 08:03 / 17.05.2020
5093
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi Zelandiya bosh vaziri yangi karantin cheklovlari sababli kafega kiritilmadi

Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern va uning qallig‘i hukumat kiritgan yangi cheklovlar sababli kafega kiritilmadi.

Foto: nzherald.co.nz

Ardern va uning qallig‘i Klark Geyford Vellingtondagi kafega kiritilmagan, chunki yangi karantin qoidalariga ko‘ra, kafe to‘la bo‘lgan. Bu haqda New Zealand Herald nashri xabar berdi. 

Yangi karantin qoidalariga ko‘ra, restoranga tashrif buyurganlar bir-biridan ma'lum masofa saqlagan holda o‘tirishlari kerak.

Guvohlardan birining tvitterda ma'lum qilishich, bosh vazir Olive deb nomlangan kafega kirmoqchi bo‘lganda, unga kafe to‘lgani sababli rad javobi berilgan. Uning qallig‘i bu xabarga “bu uning aybi bilan bo‘lgani”, chunki oldindan joy buyurtirib qo‘ymaganini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, joy bo‘shagach, kafe xodimlari ularga yetib olib, qaytishni taklif qilishgan.

Kafe egasi buni tasdiqlagan. Uning aytishicha, boshqaruvchi dastlab juftlikka rad javobi bergan, biroq bir necha daqiqadan keyin joy bo‘shagach ularga qaytishni taklif qilgan. Uning ta'kidlashicha, qoidalar hamma mijozlarga birdek tegishli. 

Yangi Zelandiyada 13 maydan koronavirus sababli kiritilgan favqulodda vaziyat rejimi bekor qilingan va karantin cheklovlarining 2-darajasiga o‘tilgan. Bu daraja 25 may kuni qayta ko‘rib chiqiladi. Ardern avvalroq ma'lum qilganidek, karantin choralari yengillashtirilishining 2-darajasi doirasida chakana savdo qiluvchi do‘konlar, savdo markazlari, restoranlar, kinoteatrlar va boshqa jamoat joylari ochiladi. Shuningdek, 18 maydan maktablar va universitetlar o‘z faoliyatini tiklaydi. Mamlakat ichida harakatlanishga ruxsat beriladi, biroq chegaralar xorijliklar uchun yopiq qoladi. 

Mavzuga oid