Kalavaning uchi topilmadi. Kislorod konsentratorlari importi QQSdan ozod etiladimi?
Hozir yurtimizda nafaqat COVID-19, balki atipik pnevmoniya ham odamlar hayotiga zomin bo‘lyapti. Buni har birimiz his qilishimiz uchun hozir e'lon qilinayotgan statistikaning hatto keragi yo‘q – atrofimizda, tanish-bilishlar orasida ko‘rayotganimiz qurbonlar yetarli bo‘lyapti.

Foto: Getty Images/ Hindustan Times
Bunday paytda kislorod konsentratorlariga bo‘lgan ehtiyoj benihoya ortdi va uni imkon qadar ko‘proq import qilish, import yo‘lida turgan barcha to‘siqlarni olib tashlash kerak bo‘lyapti.
Kuni kecha Vazirlar Mahkamasining 474-son qarori bilan hukumatning «Koronavirus pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritilib, COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan bir qancha tibbiy buyumlar va tibbiy texnika turlari, shu jumladan kislorod konsentratorlari ro‘yxatdan o‘tkazmasdan hamda sertifikatlashtirmasdan import qilinadigan bo‘ldi.
Bu juda yaxshi, albatta. Biroq kislorod konsentratorlari importini yanada jadallashtirish, eng muhimi – chet eldan olib kelinayotgan kislorod konsentratorlarini moddiy imkoniyati yuqori bo‘lmagan aholi uchun imkon qadar arzonlashtirish yo‘lida yotgan to‘siq – bu apparatlarni qo‘shilgan qiymat solig‘i hamon saqlanib qolmoqda.
To‘g‘ri, kislorod konsentratorlari hozirda samolyotdan tushgandanoq egalari qo‘liga o‘tishi, boshqacha aytganda bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni maksimal soddalashtirilishi ta'minlandi. Biroq kislorod konsentratorlarini sotish – realizatsiya qilish jarayonida QQSning amalda saqlab qolingani yakuniy iste'molchi – aholining gardaniga ortiqcha yuk bo‘lib tushmoqda. Zero, tadbirkor o‘zining barcha xarajatlarni har qanday vaziyatda ham mahsulot narxiga qo‘shadi. Chunki bu bozor qonuni.
Hozircha kislorod konsentratorlarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha rasmiy idoralarning munosabati quyidagicha bo‘lmoqda:
Davlat soliq qo‘mitasi masala Moliya vazirligi ixtiyorida demoqda. Moliya vazirligi esa bu SSV huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan amalga oshadigan jarayon ekanini aytmoqda. Agentlik xodimi, o‘z navbatida, masalaga ular aralasholmasligini ma'lum qildi.
Moliya vazirligiga yana bir bor murojat etilganda, masalada muammo yo‘qligini – kislorod konsentratorlari soliqqa tortilmasligini aytdi, biroq tadbirkorlar kislorod konsentratorlari realizatsiya paytida soliqqa tortish amaliyoti bekor bo‘lmaganini, soliq yuki iste'molchilarga tushayotganligini aytishmoqda.
Kislorod konsentratorlarini QQSdan ozod etish orqali xalqqa yengillik berish kerakligi haqida Kun.uz saytida qator maqolalar va bu borada davlat organlarining munosabatlari yoritildi. Ammo afsuski, biror vazirlik yoki tashkilot bugungi kunda hayot uchun o‘ta muhim bo‘lgan bu tibbiy buyumga soliq imtiyozi berilishi yoki berilmasligi haqida jo‘yali gap aytganicha yo‘q.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid

12:11 / 27.03.2025
Barcha farmatsevtika va tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar QQS to‘lovchisiga aylanadi

10:56 / 18.03.2025
QQS summasi o‘rnini qoplash tartibiga o‘zgartirish kiritildi

20:38 / 31.01.2025
Chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga QQS to‘lovining 50 foizi qaytariladi

19:13 / 30.01.2025