O‘zbekiston | 15:29 / 02.10.2020
36535
4 daqiqa o‘qiladi

«U otasi Qallibek Kamalov va Musa Yerniyazov ishlarini davom ettirib, xalqni rozi qiladi, deb ishonaman» - Prezident Qoraqalpog‘istonning yangi rahbari haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining 2 oktabr kuni ochilgan navbatdan tashqari sessiyasidagi chiqishida respublikaning yangi rahbarini tanishtirdi.

Prezident koronavirus butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonga ham yo‘qotishlar olib kelgani, lekin hayot davom etishi, shu sharoitga munosib bo‘lib, to‘g‘ri yo‘l topish zarurligi haqida gapirgan. U hozirgi murakkab paytda rahbar bo‘lish oson emasligi, shunga qaramay Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish bo‘yicha boshlangan ishlar ikki-uch karra ko‘paytirib davom ettirilishini ta'kidlab o‘tgan. Prezident Qoraqalpog‘istonning yangi rahbari etib saylangan Murat Kamalovga baho berib, u otasi Qallibek Kamalov ishlarini davom ettirib, xalqni rozi qilishiga ishonch bildirdi.

«Murat Kamalovni ko‘p yillardan beri taniyman. U avvalo halol odam, vatanparvar odam. Qayerda ishlagan bo‘lmasin, qoraqalpoq elining dardi bilan yashaganiga guvohman. Eng asosiysi shu. Boshqasi tajriba bilan keladi.

U otasi Qallibek Kamalov, marhum Musa Yerniyazov ishlarini davom ettirib, xalqni rozi qiladi, deb ishonaman», degan prezident.

Eslatib o‘tamiz, 2002 yildan buyon Qoraqalpog‘istonga rahbarlik qilib kelgan Musa Yerniyazov 2020 yil 31 iyul kuni koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgandi.

Respublikaga 10 kun ichida yangi rahbar saylanishi lozim bo‘lsada, Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimi 2 oydan ko‘proq vaqtdan buyon bo‘sh qolayotgan edi. 

Konstitutsiyaga ko‘ra, Jo‘qorg‘i Kenges raisi parlament a'zolari orasidan saylanishi zarur hisoblanadi. Kamalov shu yil 20 sentyabrda o‘tkazilgan saylovda Jo‘qorg‘i Kenges deputatligiga saylandi.

Ma'lumot uchun, Murat Qallibekovich 1955 yil 24 iyunda Nukusda tug‘ilgan. 1977 yilda O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasi (KGB) oliy maktabini tamomlab, shu yildan DXQ mutaxassisi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. 1987–1990 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasida kichik ilmiy xodim bo‘lgan. 1990–1991 yillarda diplomatik vakolatxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi «Konsul» tashkiloti bosh muhandisi, 1991–1996 yillarda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi qoshidagi «Qoraqalpoqintorg» xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik assotsiatsiyasining Toshkentdagi vakolatxonasi direktori sifatida faoliyat yuritgan.

Kamalov 1996–2010 yillar mobaynida Toshkentda «Stellor» unitar korxonasiga rahbarlik qilgan. 2010–2018 yillarda «Huquqiy biznes ham konsalting agentligi» advokatlik byurosida konsultant lavozimida ishlagan, 2018–2020 yillarda Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2020 yil 7 avgustda O‘zbekiston prezidenti qoshidagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazi rahbari etib tayinlangandi.

Murat Kamalovning otasi Qallibek Kamalov 1963—1984 yillarda Qoraqalpog‘istonga rahbarlik qilgan. 94 yoshli Qallibek Kamalov 2017 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.

Mavzuga oid