Jahon | 21:33 / 05.10.2020
7115
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya sudi Nikolas Maduroga Venesuela oltinini qaytarib olish imkonini berdi

Angliya bankida saqlangan Venesuela oltini Nikolas Maduroga qaytarilishi mumkin. Gap 1 mlrd dollardan ko‘proq qiymatga ega oltin yombilar haqida bormoqda. 

Foto: Reuters

Britaniya hukumati Venesuela muxolifati yetakchisi Xuan Guaydoni Venesuela prezidenti deb tan olgach, ushbu oltin taqdiri arosatda qolgan. Angliya banki Venesuela ushbu oltinni koronavirusga qarshi kurashga ishlatmoqchiligini aytsa-da, AQSh bosimi ostida oltinni rasmiy Karakasga qaytarishdan bosh tortgan. Shundan keyin Venesuela BMTga ushbu mojaroda vositachi bo‘lishni iltimos qilib murojaat qilgan va may oyida oltinni BMTning Oziq-ovqat dasturiga o‘tkazish talabi bilan sudga da'vo arizasi topshirgan. Dastlab London oliy sudi ushbu shikoyatni qondirishdan bosh tortgan.

Biroq endilikda Angliya hakamlik sudi Venesuelaning amaldagi prezidenti Nikolas Maduro hisoblanishi haqida qaror chiqardi. Guaydoning esa prezident deb tan olinishi haqidagi avvalgi qaror “mujmal” deb topilgan, chunki Britaniya hukumatida hech kim qirollik Maduroni tan olmasligini ochiqchasiga biror marta aytmagan va demak, ushbu oltinni boshqarish huquqi Maduroga tegishli hisoblanadi. 

Angliya bankida Venesuelaning umumiy og‘irligi 31 tonna keladigan oltini saqlanadi. Karakas bir necha marta oltinning bir qismini qaytarishga uringan, biroq bankning rad javobini olgan. Jumladan, Angliya banki 2018 yilda Maduro davlatga tegishli oltinni egallab olib, o‘z manfaati yo‘lida ishlatishi mumkinligi xavotirida Venesuelaga 420 mln funt sterlinglik oltinni qaytarishni rad etgan.

Mavzuga oid