Senatda yangi qo‘mita tuzildi. Unga Boriy Alixonov rahbarlik qiladi
Parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisi kun tartibidan o‘rin olgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalariga oid faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Foto: Senat matbuot xizmati
«Ma'lumki, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik halokat oqibatlari nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasi, balki allaqachon, global miqyosdagi muammoga aylanib ulgurgan. Orol masalasiga bo‘lgan yondashuv aniq natijalarga erishish nuqtai nazaridan tubdan o‘zgardi. Qolaversa, davlatimiz rahbari ikki marotaba BMT bosh minbaridan turib dunyo hamjamiyati e'tiborini mazkur masalaga qaratdi.
Orolbo‘yi mintaqasi aholisining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan 2017–2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi tasdiqlandi. BMTning Orolbo‘yi hududi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi. Hududda 2 mln. gektar yashil maydon barpo etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari yaqinda Jo‘qorg‘i Kenges sessiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasini kelgusi uch yilda rivojlantirishning 10 ta ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi.
Ta'kidlash lozimki, Orol muammosining salbiy ta'sirini yumshatish mazkur ustuvor yo‘nalishlarning biri etib belgilandi.
Shuningdek, Prezidentimiz Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalariga oid qator tashabbuslarni ilgari surdi. Vazirlik va idoralar zimmasiga hududni rivojlantirishga doir aniq vazifalar yuklandi. Bu borada parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga ham alohida urg‘u berildi.
Ya'ni Orolbo‘yi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar (dasturlar) ijrosini joyiga chiqqan holda o‘rganish, mutasaddi vazirlik va idoralarning hisobotlarini bevosita hududning o‘zida eshitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish lozimligi ta'kidlandi», deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.
Majlisda senatorlar mazkur tashabbuslarga hamohang ravishda hamda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirishda parlament ishtiroki va nazoratini kuchaytirish maqsadida Senatda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasini tashkil etish, ushbu Qo‘mitaning Nizomini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Qo‘mita raisi lavozimiga senator Boriy Botirovich Alixonovning nomzodi taklif etildi.
B. Alixonov ko‘p yillar Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik harakati, keyinchalik Ekologik partiya yetakchisi va parlament a'zosi sifatida samarali faoliyat olib borgan. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan milliy va xalqaro ko‘lamdagi loyihalar, dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etgan. Ayniqsa, bu boradagi qonunchilikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan.
Bundan tashqari, ayni paytda Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan senator Botir Joldasovich Matmuratovni Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazish taklif etildi.
Botir Joldasovich bilimli, tajribali yurist, katta hayot maktabini o‘tagan rahbar sifatida mamlakatimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida o‘z salohiyatini to‘la namoyon eta oldi. Qolaversa, u Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili hisoblanadi va ushbu hududning past-u balandliklarini, ayniqsa, Orolbo‘yi hududidagi haqiqiy holatni yaxshi biladi.
Majlisda Boriy Botirovich Alixonovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi etib, Botir Joldasovich Matmuratovni esa Qo‘mita raisi o‘rinbosari etib saylash, shuningdek, Qo‘mita tarkibini saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
- Avvalroq, prezidentning 20 oktyabrdagi farmoni bilan Boriy Alixonov Oliy Majlisi Senati a'zosi etib tayinlangan edi.
Mavzuga oid

16:22 / 01.05.2025
Yerosti suvlaridan hisoblagichsiz foydalanganda soliq to‘lovi besh barobar oshiriladi

16:21 / 30.04.2025
Oliy sud tarkibiga o‘zgartirish kiritildi

13:00 / 30.04.2025
Senat O‘zbekistonda elektron sigaretalarni taqiqlash haqidagi qonunni ma’qulladi

13:39 / 29.04.2025