«Ilmning ertangi kuniga ishonchimizni yo‘qotyapmiz» – o‘zbek tilshunos va adabiyotshunoslari o‘zlari qoldirilgan tashlandiq binodan ko‘chishni istaydi
Institut xodimlari shunday tashlandiq bino va shunga yarasha sharoitlar bilan 2014 yildan buyon ishlab kelmoqda, tag‘in – ijarada. Olimlar o‘zining muqim binosi u yoqda tursin, ilmiy tadqiqotlar uchun oddiy sharoitlarga ega emas.
Garchi so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat tili masalasi, uning obro‘yini oshirish borasida qator amaliy ishlar boshlangan bo‘lsa-da, mantiqan shu ishlarning markazida turgan institut binosi va olimlarning ahvoliga, afsuski, e'tibor qaratilmayapti.
Biz o‘nlab idoralarga qilgan murojaatidan keyin ham biror natija ko‘rmagan olimlarning tahririyatimizga yo‘llagan xati bo‘yicha Toshkent shahri Shahrisabz 5-tor ko‘chasida joylashgan institut binosida bo‘lib, u yerda ishlayotgan olimlar bilan suhbatlashdik.

“Nega olimlarni qo‘llaydigan tashkilot va yetarli ish sharoitlar yo‘q?”
Unda dastlab shu institutda 1975 yildan boshlab ishlab kelayotgan adabiyotshunos olim Suvon Meliyev institut tarixi, olimlar va bechora sohaga aylanib qolgan ilm-fan haqida fikrlarini bildirdi.
– 45 yildan buyon shu institutda ishlab kelayotgan bo‘lsam, ilmda juda katta ustozlarni ko‘rdik, ularning ta'limini oldik. Bu hayot vaqt zamoni bilan hamma o‘tadigan hayot. Ustozlarimiz ham vaqt zamoni bilan o‘tib ketishdi...
Men nega bu gaplarni gapiryapman? Har kuni ishga kelishda Qo‘yliq yo‘lida prokuratura organlarida ishlab ketgan sobiq xodimlarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha maxsus idora oldidan o‘taman. Har safar shu yerdan o‘tar ekanman, olim sifatida menga bir narsa juda qattiq ta'sir qiladi: nega Fanlar akademiyasi olimlari uchun shunday tashkilot va sharoitlar yo‘q?
Bu yerdan xursand ketgan olimni kam ko‘rdim. Izzat Sulton ham xafa bo‘lib ketdi, Matyoqub Qo‘shjonov, Ergash Umarov kabi olimlar ham xafa bo‘lib ketdi.
Nega shu olimlarning ko‘nglini ko‘tarib, qo‘llab-quvvatlanmaydi?
Shuning uchun ham aytyapmanki, prokuratura bilan solishtirganda fanning ahvoli nihoyatda bechoraga aylanib qoldi. Bu o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan xulosa, – deydi olim.
Ha, o‘zi ta'kidlaganidek, olim bu gaplarni prokuratura organlariga nisbatan shaxsiy adovati tufayli gapirmayapti. Bu – shunchaki ilmning istalgan boshqa soha bilan solishtirilishi.
Suvon Meliyev biz bilan suhbatda institut avvalroq ancha yaxshi sharoitli va eng muhimi yuridik jihatdan o‘ziga tegishli bo‘lgan binoda ishlagani hamda qanday qilib bu kabi og‘ir sharoitli joyga kelib qolishi haqida ham gapirib berdi.
– 1975 yilda bizning institut Fanlar akademiyasi hozirgi binosining birinchi qavatida bo‘lardi. 5 yil o‘tib, 1980 yilda institut uchun maxsus 7 qavatli bino qurib berildi. Ammo bu bino birinchi prezidentimiz davrida hozirgi INHA universitetiga o‘tib ketdi. Buning sababini bilmayman.
Shundan keyin mana shu tashlandiq binoga ko‘chirildik va hozirgacha shu sharoitda ishlayapmiz. Bu joy ham, aslida, biz uchun ijara joy.
Bu ko‘chishlardan bezor bo‘lgan marhum akademik To‘ra Mirzayev yig‘lardi. Uning aytishicha, har safar ko‘chganda bizning juda katta folklor arxivimiz titilib, yo‘qolib ketmoqda.
Axir bu arxiv millatniki, ularni bir joyda joylashtirib, saqlab qolishimiz kerak.
Ikkinchidan, bu yerda ishlayotganlar ham jamiyatda o‘ziga nisbatan hurmat kamligini his qilib ishlaydi. Olimda o‘z ishiga nisbatan zavq, shavq yo‘q», – deydi Suvon Meliyev.
Shu o‘rinda xalqimiz orasida yuradigan uch marta ko‘chish – bir yong‘inga teng iborasi esga tushadi. Afsuski, institutning bu ko‘chishlarida bir yo ikki oilaning emas, butun bir millatning ilmiy merosi titilib yo‘q bo‘lmoqda.
Olim suhbat yakunida o‘zi o‘tirgan va eskirishi natijasida sinishiga yaqin qolgan o‘rindiqni bizga ko‘rsatgancha uzoq vaqt jim qoldi...
“Nahotki, shu binoda sizlar ishlaysiz, hech nolimaysizlarmi?”
Gulnoza Sattarovaning bu institutda ishlayotganiga 22 yil to‘ldi.
– Bu umrning kichik qismi emas.
Menku, mayli, lekin bizgacha yetib kelgan ilm-fanimizga, uning kelajagiga iching achiydi. Afsuski, bu yerdagi sharoitni ko‘rib, ishimizni davom ettirishi kerak bo‘lgan yoshlar ham undan qochyapti, – deydi u.
Sattorova oxirgi vaqtlarda o‘zbek tili, adabiyoti va folkloriga e'tibor kuchayib borayotgani hamda adabiyot hozirgi davrda millatlar o‘rtasidagi aloqa vositasi, siyosat darajasiga ko‘tarilganini ta'kidladi.
– Ammo bizning institut ana shu e'tibordan chetda qolib ketayotgani, ayricha ko‘rilayotgani sabab bo‘ldi. Sharoitlarni ko‘ryapsiz, bino juda xarob. Qishda sovuq, yozda issiq va dim, yomg‘irli kunlarda bino tomidan tinimsiz chakka o‘tadi.
Biz kitob qo‘ygan javonlar ham adashmasam, 1960-70 yillarniki, – deydi u.
Gulnoza Sattarova suhbat davomida O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari ishlayotgan sharoitlar xorijlik ilm ahlini ham ko‘p bor hayron qoldirgani haqida gapirib berdi.
– Biz dunyoning ko‘plab davlatlari bilan til, adabiyot sohasida aloqadamiz. Masalan, 2018 yili «O‘zbek tilining xorijiy mamlakatlarda o‘qitilishi» mavzusida katta konferensiya o‘tkazdik. Bu uchrashuvga dunyoning ko‘plab davlatlaridan yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar tashrif buyurdi, lekin biz ularni o‘z binomizga taklif qilishga uyaldik. Chunki butun millatning adabiyoti, tilini ilmiy jihatdan tadqiq qiluvchi institutimiz binosining ahvolidan uyalamiz.
O‘tgan yili Tatariston Fanlar akademiyasining adabiyotshunoslaridan biri O‘zbekistonga keldi. U ishlash sharoitimizni ko‘rib hayratlanyapti va savol beryapti:
– Nahotki, shu binoda sizlar ishlaysiz? – Unga:
– Ha, biz shu yerda ishlaymiz, – dedik. U yana so‘radi:
– Hech nolimaysizlarmi?
– ...
Biz bir qator ilmiy safarlarda bo‘lamiz. Afsuski, biz borgan davlatlarniki bilan bizning institut o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Ha, ehtimol, ular uchun bizning qayerda ishlashimiz unchalik qiziq emasdir, lekin uyingizga mehmon chaqirmoqchi bo‘lsangiz, sharoitingiz bo‘lsa, chaqirasizku. Biz esa olimlarni ko‘cha, kafe yoki biror oshxonada kutishga majburmiz.
Men shu masalalarni o‘ylayman-u bizning xorijiy davlatlar bilan ilmiy, adabiy aloqalarimiz sustlashib ketgani sabablarini topgandek bo‘laman, – deydi olim.
Yoshlarda: “Menga dars beradigan o‘qituvchining ahvoli shu ekan, men kimning ortidan intilyapman”, degan fikr bor
Navbatdagi suhbatdoshimiz filologiya fanlari doktori Maqsud Asadov. U institutda katta ilmiy xodim va yosh olimlar kengashi raisi sifatida ishlaydi.
Olim nutqida institutdagi sharoitlar yoshlarning ilm haqidagi fikrlarini qanday qilib o‘zgarishga olib kelishi mumkinligi haqida gapirdi.
– Institut binosi, undagi eshik derazalarning ahvoli, xonaga kirganda o‘rindiq va shkaflarning 1960-70 yillarga tegishliligi va umuman, xonadagi fayz odamning ta'bini tirriq qiladigan darajada ekanligi ilmning ertangi yorug‘ kunlariga nisbatan ishonchni parda ortida qoldiryapti.
Bizda fundamental tadqiqotlar bo‘yicha ko‘plab ishlar qilinyapti, rejalar bor. Lekin masalaning boshqa tomoni ham borki, ilmni ertaga davom ettiradigan kim? Yoshlar. Qaysi yoshlar? Talabalar. Universitetlarning filologiya yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar bizga amaliyot o‘tash uchun keladi.
Bu talabalar institutga kelgandan keyin dastlabki xulosasi qanday bo‘lishi haqida gapirdik. Ikkinchi tomondan esa, shu kelganlarni qamrab olish uchun bizda yetarli joyning o‘zi yo‘q. Unday muhitning o‘zi yo‘q. Biz yoshlar bilan ishlaydigan ahvolda emasmiz.
Bu yerdagi olimlarning ko‘pchiligi OTMlarda ham ishlaydi. O‘sha o‘qituvchining qo‘lida ishlab, bu yerga amaliyotga keladigan talabaning xulosasini tasavvur qilyapsizmi? Menga dars, ilm beradigan o‘qituvchining ahvoli shu ekan, men kimning ortidan intilyapman? – U aynan shunday o‘ylaydi.
Iltimosimiz shunday bo‘lardiki, bizga imkoni bo‘lsa, yangi bino qurib berib, uning bir yaxshi hovlisi ham bo‘lsaki, yoshlarning ilmga bo‘lgan hozirgi munosabati o‘zgarsa, – deydi u.
Institut ilmiy xodimlarining fikrlarini eshitib, o‘ylab qolasan kishi, odatda olimlardan ilm-fanni rivojlantirish orqali turmushimizni yengillatishga xizmat qiladigan yangiliklarni ko‘p kutamiz.
O‘zaro suhbatlarda dunyoning qaysidir joyida olimlar fanda falon yangilik qilgani, boshqa bir joyda esa shov-shuvli qandaydir ishlanma ixtiro qilingani haqida gapiramiz. Bizning o‘zbek olimlarida shunday yangiliklar yo‘q-da deb, qo‘shib ham qo‘yamiz. Lekin doim ham o‘ylamaymizki, bu izlanishlar, yangiliklarni qilish uchun olimlarga qulay shart-sharoitlar va moddiy-texnik baza ham juda zarur hisoblanadi.
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari esa siz ko‘rgan sharoitlarda ham to‘xtab qolayotgani yo‘q. Qator fundamental tadqiqotlar natijasida o‘zbek tili rivoji uchun yangiliklar qilishmoqda. Bu haqda institut direktori o‘rinbosari Manzura Otajon shunday deydi:
– O‘tgan vaqt mobaynida institut ilmiy jamoasi tomonidan o‘zbek tili, folklori va adabiyoti sohasida qator fundamental ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi. Buning natijasi o‘laroq millatimiz ma'naviy qiyofasini shakllantirishda beqiyos o‘rin tutgan folklor asarlari, Alisher Navoiy asarlarining 15, 20, 10 jildliklari, Oybek asarlarining 20 jildligi, o‘zbek adabiyoti tarixiga oid seriyalar, izohli, imlo, tarjima va boshqa ko‘plab qayta-qayta to‘ldirilib chop etilgan lug‘atlar, o‘zbek tili, adabiyoti va folkloriga oid akademik va monografik kitoblar yaratildi, bemisl qimmatga ega folklor arxivi tashkil etildi.
Ko‘p jildlik «Alisher Navoiy Qomusi» (3 tomlik), «Abdulla Qodiriy Qomusi», «O‘zbek adabiyoti durdonalari» (50 tomlik), «O‘zbek og‘zaki ijodi» (100 tomlik), «Adabiyotshunoslik atamalarining o‘zbekcha-inglizcha-ruscha izohli lug‘ati» (3 tomlik) va boshqa tadqiqotlar ustida harakatlar bugun ham davom etmoqda, – deydi u.
Olimlar bilan suhbatlashib, institutdan chiqar ekanmiz, Shahrisabz ko‘chasiga yana bir bor e'tibor berdik. Ko‘chaning ikki tomonida ham zamonaviy binolar, biznes markazlar bor: ularning qaddi-basti, balandligiga qarasangiz do‘ppingiz boshdan tushadi, mahobatidan hayratingiz oshadi.
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari ishlayotgan eski binoda esa zamonaviylikdan asar ham sezilmaydi. Uning ichidan ham, tashqarisidan ham yoqimsiz eskilikning hidi anqib turgandek.
O‘ylaymizki, sohaga javobgar mas'ul mutasaddilar, idoralar olimlarimizning murojaatlariga befarq qaramaydi. Chunki yuqorida ham aytganimizdek, O‘zbek tili nufuzi va qadrini oshirish harakatlari boshlangan paytda mazkur institut islohotlar markazida turishi mantiqan to‘g‘riroq bo‘lardi.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.
Mavzuga oid

18:01 / 23.04.2025
Ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan sinf bitiruvchilari ham davlat tilidan imtihon topshiradi

17:06 / 17.04.2025
Sirdaryolik rahbarlar o‘zbek tili bo‘yicha diktantda salbiy natija qayd etgani ma’lum bo‘ldi

16:11 / 17.04.2025
Hindistonda o‘zbek tili mutaxassisligi bakalavriat dasturiga kiritilishi mumkin

10:24 / 26.03.2025