O‘zbekiston | 14:50 / 18.12.2020
2375
2 daqiqa o‘qiladi

Gaz, elektr energiyasi va ko‘mir bilan ta'minlash masalasi Senat nazoratida bo‘ladi

Senatning o‘ninchi yalpi majlisida Tanzila Norboyeva gaz, elektr energiyasi va ko‘mir bilan ta'minlashdagi mavjud muammolar Senatda ko‘rib chiqilgani haqida gapirdi.

«Ko‘p sonli murojaatlar asosida kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obektlari va tadbirkorlik sub'yektlarini gaz, elektr energiyasi va ko‘mir bilan ta'minlashdagi mavjud muammolar ham Senat Kengashida tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Xususan, mazkur sohaga aloqador barcha mutasaddi vazirlik, idora va tuzilmalar rahbarlaridan aholining noroziligiga sabab bo‘layotgan uzilishlar yuzasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh so‘raldi. Tegishli qaror qabul qilinib, ta'minot bilan bog‘liq mavjud muammolarni bartaraf etish, energiya resuslariga bo‘lgan ehtiyojni real baholash va to‘liq qondirish, tizimni modernizatsiyalash, mutasaddilar javobgarligini kuchaytirish va eng muhimi, tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha qat'iy vazifalar belgilab berildi.

Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham mazkur masala tanqidiy muhokama qilinib, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari hamda hokimlar zimmasiga ta'minot masalalarini mahallabay hal qilish, eksportni qisqartirib, gazni aholi ehtiyojlariga yo‘naltirish bo‘yicha aniq, manzilli vazifalar yuklatildi.

Bundan buyon ushbu masala Senatning alohida nazoratida bo‘ladi. Bu borada mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar bo‘yicha parlament nazorati doirasida davlat rahbariga takliflar kiritiladi. Fursatdan foydalanib, bu kabi dolzarb masalalarga parlament e'tiborini jalb qilayotgan faol yurtdoshlarimizga rahmat aytamiz», degan Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Mavzuga oid