Sport | 21:03 / 05.01.2021
10751
3 daqiqa o‘qiladi

Ruslan Nuriddinovning diskvalifikatsiyasi muddati tugadi. U Osiyo chempionatiga tayyorlanmoqda

Antidoping qoidalarini buzgani sababli ikki yilga sportdan chetlatilgan og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinovning diskvalifikatsiya muddati 2020 yilning dekabrida tugadi va u hozirda terma jamoa bilan birga Chirchiq shahrida shug‘ullanmoqda.

Ruslan Nuriddinov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda aytishicha, uning advokatlari o‘tgan ikki yil ichida Sport arbitraj sudiga zarur hujjat va ma'lumotlarni yetkazish ishlari bilan shug‘ullanishgan, uning 2012 yildan keyingi barcha musobaqalari hamda Rio-2016 olimpiadasida topshirgan qoni qayta tekshirilgan, natijalar manfiy (toza) chiqqan. Natijada London olimpiadasida egallangan 4-o‘rin bekor qilingan, boshqa barcha medallari va rekordlari uning o‘zida qolgan.

U hozirda 2021 yilning aprelida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Osiyo chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.

«Endi men barcha musobaqalarda qatnashishim mumkin. 6-7 oydan beri mashg‘ulotlarda ishtirok etyapman. Hozirgi kunda Chirchiqda terma jamoa bilan birga shug‘ullanyapman. Jismoniy holatim yaxshi.

Hozircha Tokio olimpiadasiga litsenziyam yo‘q. Lisenziya olish uchun bundan buyon musobaqalar yetarlicha bo‘lmasligi ham mumkin. Chunki pandemiya sababli litsenziyaga ochko beriladigan ayrim musobaqalar bekor qilinishi ehtimoli katta. Xususan, aprel oyida bo‘ladigan Osiyo chempionatidan keyin barcha kvalifikatsiya musobaqalarini bekor qilishlari mumkin. Shu bois litsenziya olish imkoniyati deyarli mavjud emas.

Lekin kutamiz. Hammasi pandemiyaga bog‘liq bo‘lib turibdi. Qachonki, musobaqalar masalasiga aniqlik kiritilsa, shundan keyin bir xulosaga kelsa bo‘ladi.

Hozir oldimizdagi eng katta musobaqa bu Osiyo chempionati. U ham kvalifikatsion musobaqa hisoblanadi. Undan tashqari, litsenziyaga ochko beriladigan yana bir necha turnirlar bo‘lib o‘tadi. Lekin ularning qaysi sanalarga qo‘yilishi hozircha noma'lum.

Olimpiadaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olish uchun reyting bo‘yicha top-8 ro‘yxatga kirish kerak. Lekin men ikki yil davomida musobaqalarda qatnashmadim. Shu bois, hozir kvalifikatsiya reytingida yo‘qman. Shuningdek, birgina Osiyo chempionati bilan hammasi hal bo‘lib qolmaydi. Agarda turnirlar ko‘proq o‘tkazilsa, ularda ko‘proq reyting ochkolarini to‘plab, yuqori pog‘onalarga ko‘tarilishga harakat qilaman.

Olimpiada bo‘lmagan taqdirda ham bu yil jahon chempionati, kelasi yilda Osiyo o‘yinlari bor. Oldinda Parij-2024 olimpiadasi ham turibdi. Xullas, yirik musobaqalar ko‘p. Ularda qatnashib, muxlislarni quvontirish uchun bor kuchimni sarflayman», deydi Ruslan Nuriddinov.

Ma'lumot uchun, Ruslan Nuriddinov 2012 yilda Londondagi Olimpiya o‘yinlarida 105 kilogramm vazn toifasida 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2016 yilgi Olimpiadada esa siltab ko‘tarishda olimpiya rekordini (237 kg) o‘rnatgan holda oltin medalga ega chiqqandi.

2018 yilning dekabrida London olimpiadasidagi doping tahlillari musbat chiqishi natijasida besh nafar og‘ir atletikachi, shu jumladan, o‘zbekistonlik Ruslan Nuriddinov ham sportdan chetlatilgandi.

Mavzuga oid