Sport | 16:39 / 18.01.2021
13958
11 daqiqa o‘qiladi

Messi «Barselona»da ilk bor «qizil» oldi. Bunga qanday reaksiya bo‘ldi va u qancha vaqtga diskvalifikatsiya qilinadi?

«Barselona» va «Atletik» (2:3) o‘rtasida kechgan Ispaniya Superkubogi uchun final bahsining so‘nggi daqiqalarida Lionel Messi raqibga zarba bergani uchun maydondan chetlatildi.

Ispaniya. Superkubok
«Barselona» — «Atletik» — 2:3 q.v.
 (1:1, 1:1, 0:1)
Gollar: Grizmann, 40 (1:0). De Markos, 42 (1:1). Grizmann, 77 (2:1). Vilyalibre, 90 (2:2). Inyaki Uilyams, 93 (2:3).
«Barselona»: ter Shtegen, Jordi Alba, Langle (Trinkan, 106), Arauxo, Dest (Mingesa, 46), Buskets, de Yong, Messi, Grizmann, Dembele (Pyanich, 88), Pedri (Breytueyt, 88. Puch, 97).
«Atletik»: Simon, Balensiaga (Lekue, 83), De Markos, Inigo Martines (Nunes, 95), Kapa (Vesga, 81), Alvares, Raul Garsiya (Vilyalibre, 83), Dani Garsiya, Vensedor (Berenger, 81), Iker Muniain, Inyaki Uilyams (Morsilo, 106).
Ogohlantirishlar: Langle, 11. Dani Garsiya, 67. Vilyalibre, 109. Morsilo, 110. Jordi Alba, 114.
Chetlatish: Messi, 120+1.
17 yanvar. Barselona. «Kamp Nou» stadioni.

Maradona ham «Atletik» futbolchisini aylantirib solgandi
«Barselona» Grizmanning dublidan keyin g‘alabaga yaqin edi. Kataloniyaliklarni 14-marta Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritishdan bir necha daqiqa ajratib turgandi. Ammo Muniaining 90-daqiqadagi uzatmasi tablodagi hisobni o‘zgartirdi. Langle Vilyalibreni yaxshi qo‘riqlay olmadi, raqib hujumchisi Ter Shtegenni ojiz qoldirdi. Barchasi qo‘shimcha vaqtda hal qilinadigan bo‘ldi. Uilyams «Barsa»ning to‘rt futbolchisi qurshovida bo‘laturib, jarima maydoni chizig‘ida to‘pni o‘ziga ajoyib tarzda bo‘ysundirdi va uni darvozaning to‘qqizligiga joylab qo‘ydi.

«Barselona»da hisobni tenglashtirish uchun hali vaqt ko‘p edi, ammo Kuman jamoasi butunlay boshqa ish bilan shug‘ullandi. Kataloniyaliklar qo‘shimcha bo‘limlar davomida faqat to‘pni olib yurishdi va atigi bir marta raqib darvozasiga zarba yo‘llashdi.

O‘yin yakunlanishiga bir daqiqa vaqt qolganida esa aql bovar qilmas hodisa ro‘y berdi —  Lionel Messi o‘ziga tomon ko‘tarilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochkani ko‘rdi. Argentinalik futbolchisi jamoasi hujumiga qo‘shilish maqsadida o‘zini ta'qib qilgan «Atletik» forvardi Aser Vilyalibredan qutulish uchun uni qo‘llari bilan yiqitdi, hakam esa videotakrordan keyin uni maydondan chetlashtirdi.

Bu argentinalik futbolchi uchun ko‘k-anorranglilar libosida o‘tkazilgan 753 o‘yinda (u bu o‘yinlarda jami 61 360 daqiqa mobaynida maydonda bo‘lgan) olgan ilk qizil kartochkasidir. Kataloniyaliklar klubi muxlislaridan biri tvitterda boshqa bir argentinalik futbolchi  «Atletik»ka qarshi o‘yinda shunday harakat sodir etganini esladi: «Diyego Maradona «Atletik» futbolchisini urganidan keyin «Barselona»dan ketgan va bir necha yil o‘tib Argentina terma jamoasi bilan jahon chempioni bo‘lgandi. Endi sening vaqting keldi, Leo #Messi».

«O‘yinning omadsiz borishini chorasiz qolgan Messi juda yomon qabul qildi. U o‘yinning asosiy qismida oxirgi daqiqalarda hisobni tenglashtirgan Vilyalibreni urib yiqitdi», deyiladi football.fr xabarida.

Kuman va Vilyalibrening so‘zlari

Marca nashrining yozishicha, «Barselona» bosh murabbiyi Ronald Kuman bosh arbitr Xesus Xil Mansanoning qarorini muhokama qilishdan tiyilgan.

«Menimcha, u shuncha yil futbolda bo‘lib, qachon o‘yinga tayyorligi va qachon tayyormasligini o‘zi yaxshi biladi. Men u bilan bu haqda gaplashgandim, u maydonga tushishga tayyorligini aytgandi. Chetlatishmi? Men Messini to‘g‘ri tushunaman. Men o‘yin davomida unga ishlatilgan qo‘polliklarni sanashda adashib ketdim. Yaxshisi, bu haqda jim bo‘lganim ma'qul. Baribir avval aytganlarimni takrorlashimga to‘g‘ri keladi. Men esa bunday qilishni istamayman», degan u.

Hodisa yuzasidan epizod jabrlanuvchisi ham izoh bergan. «Men bu gap-so‘zlarga qo‘shilmoqchi emasman. Barcha jamoalarga qarshi qo‘pol o‘ynaladi. G‘alaba kaliti – taslim bo‘lmaslikdir. Men Messi oldinga o‘tib ketmasligi uchun korpus qo‘ydim, u esa bunga chidolmay, yuzimga tushirdi. Men buni ochiqchasiga tajovuzkorlik deb hisoblayman. Men juda xursandman. Biz Superkubokka munosib edik. Biz taslim bo‘lmaslik uchun bu yerga kelgandik. Eng muhimi – biz xarakter ko‘rsatdik va g‘alabaga erishdik», degan u.

Avvalgi qizil kartochkalar
Bungacha Messining professional futbolchilik faoliyatida ikkita qizil kartochka bor edi. U birinchi qizilni 2005 yilda, Vengriyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida olgandi, o‘shanda u debyut o‘yinida zaxiradan maydonga tushib, bir necha daqiqadan keyin qo‘pol harakati uchun maydondan chetlatilgandi. Ikkinchisi esa 2019 yilda Amerika Kubogi doirasida Chiliga qarshi uchinchi o‘rin uchun bahsda olingan. O‘shanda «Barselona» sardori noodatiy vaziyatda chetlatilgan. Birinchi bo‘lim oxirida u to‘p uchun kurash vaqtida raqib himoyachisi Gari Mendel bilan to‘qnashgan va o‘zaro ziddiyat boshlangan. Mendel uch marta Leoning ko‘ksidan turtgan, argentinalik esa qo‘lini yuqori ko‘tarib turgan, chililiklar sardorini quchib to‘xtatishga harakat qilgan. Hakam esa ularning ikkisini ham chetlashtirgan.

«O‘yindan tashqari holatda raqib bilan to‘p uchun talashish. Raqibga yelka bilan kuchli zarba berish», — o‘yin protokolida shunday yozilgandi. Messi esa maydondan chetlatilishiga sabab Braziliyaga qarshi yarim final o‘yinidan keyin KONKAKAF rahbariyatini tanqid qilgani bo‘lganiga ishonchi komilligini aytgandi.

AS ma'lumotiga ko‘ra, u 2005 yil 27 fevralida «Barselona B» jamoasining «Peni Sport» klubiga qarshi o‘yinida ham maydondan chetlatilgandi.

Diskvalifikatsiya

Messi «Barselona»ning keyingi o‘yini — Ispaniya Kubogi doirasida «Korneliya»ga qarshi kechadigan bahsni o‘tkazib yuborishi aniq. Shu bilan birga, diskvalifikatsiya muddati 4 o‘yindan 12 o‘yingacha yetishi mumkin. 

AS nashri dastlab u to‘rt o‘yinni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri kelishi haqida yozdi. Bu holatda, agar «Barsa» kubok o‘yinida «Korneliya»dan o‘tsa, keyingi raqibga qarshi o‘yinda, shuningdek, La Liga doirasida «Elche» va «Atletik» jamoalariga qarshi o‘yinlarda ishtirok etolmaydi. Agar «Barsa» «Korneliya»ga yutqazib, turnirni tark etsa, Messining diskvalifikatsiyasi La Liga doirasida uch o‘yinga taalluqli bo‘ladi - u «Betis»ga qarshi o‘yinda ham jamoaga yordam bera olmaydi.

Keyinroq AS Messi 12 o‘yinga diskvalifikatsiya qilinishi ham mumkinligi haqida yozdi. Unga ko‘ra, qo‘mita futbolchining harakati qasddan sodir etilgan deb topsa (98-punktga ko‘ra), unga belgilanadigan jazo chorasi maksimal bo‘lishi mumkin.

Marca esa jazo chorasi ikki o‘yin bilan cheklanadi, deb hisoblaydi.

RAC1 ma'lumotiga ko‘ra, bu bo‘yicha qaror 19 yanvar kuni qabul qilinadi.

Hakam protokolida nimalar qayd etilgan

«O‘yinning 120-daqiqasida 10 raqamli futbolchi raqibga qo‘l bilan kuchli zarba berishi tufayli maydondan chetlatildi, bu vaqtda to‘p o‘yinda, ammo u futbolchilardan uzoqda edi», — arbitr Xesus Xil Mansano argentinalik futbolchining chetlatilishini shunday izohlagan.

«U jamoadan ko‘ra o‘zini ko‘proq o‘ylaydi»

«Chempionatda «Atletik» va «Granada»ga qarshi ikki ajoyib o‘yin ko‘rsatgan va muxlislar olqishini olgan Messi imijini rasvo qildi. U yana o‘z qopqoniga tushdi. Jamoadan ko‘ra o‘zini ko‘proq o‘yladi. U finalni bir o‘zi yuta olmaydi, u o‘yin taqdirini hal qila olmadi, asosiy bo‘limlarda g‘alabani ushlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Axir yetakchilar shuning uchun kerak. U esa chorasiz ahvolda ko‘rindi, juda yomon o‘ynadi», — deya hisoblaydi AS tahlilchisi Xuan Ximene.

Messi, sen uzr so‘rashing kerak

«Barcha Messi Sevilyadagi o‘yinda ishtirok etish uchun formasini tiklash jarayonini kuzatib bordi. U boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi va oxirgi daqiqani hisobga olmaganda butun o‘yin davomida maydonda bo‘ldi. U Antuan Grizmann hisobni ochgan hujumda ishtirok etdi. Ammo u o‘yin oxirida hissiyotga berildi va Vilyalibreni urib yubordi. Unga jiddiy jazo berilishi mumkin. Sardordan buni kutmagandik. U uzr so‘rashi kerak», — deya chaqiriq bilan chiqqan Marca.

Messi boshini yo‘qotib qo‘ygan

«Basklar va katalonlar to‘rtinchi bor Superkubok uchun o‘zaro o‘yin o‘tkazdi. Endi hisob: 2-2. Oxirgi ikki finalda «Atletik» g‘olib chiqqan. O‘yin oxirida Messi qizil kartochka oldi. U boshini yo‘qotib qo‘ydi va Vilyalibre bilan epizodda juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi», — deya yozgan La Gazzetta dello Sport.

 

Mavzuga oid