Jahon | 15:43 / 01.05.2021
22964
5 daqiqa o‘qiladi

24 soat ichida ikkinchi qo‘ng‘iroq: Imomali Rahmon va Sadir Japarov yana chegara mojarosini muhokama qildi

Bugun, 1 may kuni, bir sutka ichidagi ikkinchi telefon orqali muloqot chog‘ida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov tomonlarning Tojikiston hamda Qirg‘iziston chegaraoldi hududlaridagi vaziyatni normallashtirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish to‘g‘risida gaplashdi. Bu haqda «Asia-Plus» xabar berdi.

«O‘t ochishni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvlarga rioya qilish va harbiylarni doimiy joylashish zonalariga olib chiqib ketish masalalariga e'tibor qaratildi», deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, prezidentlar tomonlar ishchi guruhlarining birgalikdagi faoliyati hamda delimitatsiya va demarkatsiya bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazish haqida ham gaplashgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu komissiya yig‘ilishi bugun Botkenda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi.

Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida chegaradagi ziddiyat bo‘yicha birinchi telefon suhbati kecha, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari chegaraning qirg‘iz-tojik uchastkasidagi vaziyatni yumshatish bo‘yicha choralarni muhokama qildi.

Avvalroq, qator ommaviy axborot vositalari Qirg‘iziston o‘z hududi Tojikistondan o‘qqa tutilganini ma'lum qilgani to‘g‘risida xabar berdi.

Knews.kg’ning Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatiga asosan xabar qilishicha, tojikistonlik harbiylar Botken viloyatidagi turar joy binolariga qarata o‘t ochishgan.

«Botken viloyati (Qirg‘iziston) Leylak tumanining Arka hududida tojikistonlik harbiy xizmatchilar Qirg‘iziston fuqarolarining turar joylariga qarata o‘q uzdilar», deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati chegara bo‘linmalari mudofaa pozitsiyalarini egallashgani aytildi.

Zakon.kz Tojikiston hududida harbiy texnika harakati tojik-qirg‘iz davlat chegarasi yo‘nalishi bo‘yicha qayd etilganini ma'lum qildi. Nashr xabar Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayangan holda berilganini bildirdi.

Davlat chegarasining qirg‘iz-tojik uchastkasidagi vaziyat nisbatan keskin deb hisoblanmoqda, deyilgan Qirg‘iziston rasmiylari xabarida.

Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Tojikiston va Qirg‘iziston ichki ishlar vazirlari o‘rinbosarlari Nozim Ibrohimzoda hamda Suyun Omurzakov Leylek viloyatining Internatsional qishlog‘ida uchrashdi.

«Natijalar bo‘yicha fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi, tomonlar vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha bir to‘xtamga keldi. Botken viloyati Leylek tumani va So‘g‘d viloyati kuch tuzilmalari faoliyati to‘liq Suyun Omurzoqov va Nozim Ibrohimzodaning nazorati ostida bo‘ladi. Tomonlar otishmalarning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta'minlash va tartibni birgalikda tiklashga kelishib oldi. Hozirda Botken viloyatining Leylek tumanida vaziyatni to‘liq barqarorlashtirish va jamoat tartibini saqlash uchun barcha choralar ko‘rilmoqda», deyiladi xabarda.

28 aprel kuni qirg‘iz-tojik chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida mojaro kelib chiqdi, 29 aprelda esa u qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Mojaro Tojikiston tomoni Isfara daryosi yuqori oqimidagi «Bosh» suv taqsimlash punktida suv taqsimotini nazorat qilish maqsadida videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga qaror qilganidan keyin boshlangan. Qirg‘izistonning chegara otryadi va Botken viloyati politsiya xodimlari videokameralarni o‘rnatishni to‘xtatishni talab qilgan. Tomonlar bir to‘xtamga kela olmagani mojaroning avj olishiga olib kelgan. Tojikiston bu hududni o‘ziniki deb hisoblaydi, Qirg‘iziston esa bahsli hudud sifatida biladi.

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, chegaradagi qurolli to‘qnashuvlar vaqtida Qirg‘izistonning 31 nafar fuqarosi halok bo‘lgan, 154 nafar fuqaro tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Tojikiston hozircha bu boradagi ma'lumotlarni keltirmagan. Biroq mahalliy OAVning xabar berishicha, mojaro vaqtida Tojikistonning 10ga yaqin fuqarosi halok bo‘lgan, 90dan ko‘prog‘i jabrlangan.  

Mavzuga oid