Jahon | 23:17 / 01.06.2021
10803
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyadagi urushda 10 yil ichida 500 mingga yaqin odam halok bo‘lgani ma'lum qilindi

Suriya inson huquqlariga amal qilinishini kuzatish markazi (SOHR)ning baholashicha, mamlakatda 2011 yilda boshlangan fuqarolik urushi davomida 494 ming 438 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlardan 160 mingga yaqini tinch aholi, jumladan, 25 mingi 18 yoshga to‘lmagan bola bo‘lgan.

Bundan tashqari, halok bo‘lganlardan 80 mingini suriyalik isyonchilar, 91 mingini Suriya armiyasi harbiylari, 40 mingini IShID va 28 mingini «Hayat Tahrir ash-Shom» terrorchi tashkiloti jangarilari tashkil qilgan.

Markaz rahbari Rami Abdulrahmonning ta'kidlashicha, ushbu o‘limlardan aksariyati 2012 yil oxiridan 2015 yil noyabrigacha yuz bergan. Shuningdek, markaz 42 mingdan ko‘proq kishi Suriya turmalarida qiynoq oqibatida halok bo‘lganini tasdiqlagan.

SOHR’ning baholashicha, 10 yillik urush vaqtida 2,1 mlndan ko‘proq oddiy suriyalik turli darajadagi jarohatlar olgan yoki nogiron bo‘lib qolgan. 13 mlnga yaqin tinch aholi doimiy yashash joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Mavzuga oid