Qashqadaryodagi tashkilot rahbari muxbir qizni ishga olish uchun to‘shakka taklif qilgani aytilmoqda
Qashqadaryo viloyatidagi mutasaddi rahbarlaridan biri muxbir qizni o‘zi ishlayotgan tashkilotga matbuot kotibi qilib ishga olish uchun uni o‘zi bilan «birga bo‘lishi» maqsadida to‘shakka taklif qilgan. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlangan.
«Nasafnews» xabar berishicha, Qashqadaryo viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i A.Yo. 14 iyun kuni o‘zi ishlaydigan tashkilotga matbuot kotibi sifatida ishga olish uchun fuqaro A.G.ni o‘zi bilan «birga bo‘lish»ga taklif qilgan. Qizning aytishicha, boshqarma boshlig‘ining bu taklifi birinchisi emas. U avvalroq ham bir necha marta shunday taklif bildirgan.
«Bu taklifni menga avval ham bildirgan edi. Keyin hazillashdim, deb qo‘ydi. Bir necha kun o‘tgach esa yana shu mavzuda gap ochdi. Men boshliqning bu gapini tobora jiddiy qabul qila boshladim. Ishdan ko‘nglim sovib, tashkilotga borgim kelmay qoldi», – degan A.G.
Ma'lum bo‘lishicha, boshqarmada 5 oydan beri norasmiy tarzda matbuot kotibi bo‘lib ishlab kelayotgan A.G.ga boshqarma boshlig‘i A.Yo. Shahrisabzda tashkil qilingan «Yoshlar festivali» da fitobar loyihasini yoritish taklifi bilan chiqqan. So‘ng, uni Qarshi shahridan o‘z mashinasida olib ketishini aytgan.
Mashinaga o‘tirgan muxbir nega hanuzgacha rasman ishga olinmaganining sababini rahbardan so‘ragan. Rahbar esa «Men bilan bir kecha qolasizmi?» deya taklif kiritgan. Muxbir nima uchun qolishi sababi bilan qiziqqan. Rahbar «erkaklar bilan bir kecha qolgan vaqtda nima qilishni bilmaysizmi?» degan. Shundan so‘ng, muxbir mashinadan tushirib qoldirishlarini so‘ragan.
«Yana shu haqda ochiqchasiga haydovchisining oldida uyalmay gap ochganida u jiddiy gapirayotganini tushundim va bu yerda boshqa ishlamaslikka qaror qildim. Ochig‘i, menga qilingan bu munosabatdan so‘ng, hamma yosh, o‘qib, ishlab, karera qilaman, degan qizlarga nisbatan rahbarlar shunaqa munosabatda bo‘lar ekan, deb kechgacha yig‘lab o‘zimga kela olmadim. Shok holatidaman. Nahotki, men shunaqa qiz bo‘lsam. Yurish-turishim, o‘zimni tutishimda biror kamchilik bo‘lsa, atrofimdagilar aytishgan bo‘lardi. Unaqa tarbiya olmaganim uchun bu holat ruhiyatimga shunaqa ta'sir qildi, haligacha o‘zimga kela olmayapman», – degan qiz.
Qayd etilishicha, qiz oradan bir necha kun o‘tib, rahbarning o‘ziga qilgan muomalasi haqida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Otabek Ashurovga xabar bergan. Qizning qo‘mita matbuot kotibiga chiqqanidan Qashqadaryo viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi mas'ul xodimlaridan biri ham xabar topib, muxbirni tinchlantirishga uringan. Boshqarma mas'ul xodimi muxbirga avvaliga qo‘ng‘iroq qilgan, keyin sms xabar yozib, boshqarma boshlig‘ining ukasi «katta joyda ishlashini» va tinch yurmasa, o‘ziga qiyin bo‘lishini aytgan.
Kun.uz mazkur hodisa yuzasidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Otabek Ashurov bilan bog‘landi. Matbuot kotibi haqiqatdan qiz Qo‘mitaga murojaat qilganini bildirdi. Uning aytishicha, Qashqadaryo viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi rahbarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Bugun Qo‘mita mutasaddilari holatni taftish etish uchun Qashqadaryoda bo‘lishadi.
«Surishtiruv o‘tkazilgandan so‘ng, boshqarma rahbari va qizga tahdid qilgani aytilayotgan xodimning xatti-harakatlariga qonuniy baho beriladi», - dedi.
Mavzuga oid

15:27 / 15.04.2025
Qashqadaryoda YPX xodimiga faol qarshilik ko‘rsatgan haydovchi qamoqqa olindi

17:18 / 08.02.2025
“Sen qulsan” – Kosonda kelinini muntazam xo‘rlab kelgan qaynota va qaynona hamda ularning o‘g‘li ozodlikdan mahrum qilindi

11:02 / 15.12.2024
Taxtiqoracha dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi

18:04 / 06.11.2024