O‘zbekiston | 08:14 / 24.06.2021
2752
4 daqiqa o‘qiladi

Notariat va advokaturada ichki nazorat kuchaytirildi

Foto: Shutterstock

Adliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining «Notarial idoralar va advokatlik tuzilmalarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qoidalardagi quyidagi tushunchalar kengaytirildi:

  • jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlar;
  • mijoz;
  • tavakkalchilik;
  • yuqori mansabdor shaxslar.

Shuningdek, yuqori mansabdor shaxslarga yaqin bo‘lgan shaxslar tushunchasi kiritildi.

Notarial idoralar yoki advokatlik tuzilmalari boshqa vazifalari qatorida mijozlar yoki ular nomidan ijro xatlarini bajarish yuzasidan operatsiyalarni amalga oshirishda ichki nazoratni ham yuritishlari lozim.

Notarial idoralar va advokatlik tuzilmalarining ichki nazoratni amalga oshirish bo‘yicha vazifalari jumlasiga maxsus vakolatli organning pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni 30 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish haqidagi ko‘rsatmasi ijrosini zudlik bilan ta'minlash choralarini ko‘rish ham kiritildi.

Notarial idoralar va advokatlik tuzilmalariga tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash, monitoring qilish, boshqarish, kamaytirish va hujjatlashtirish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish tartibini nazarda tutuvchi ichki qoidalarni ishlab chiqish majburiyatini yuklaydigan norma kiritildi. Ichki qoidalar hamda ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar notarial idoralar yoki advokatlik tuzilmalari rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi.

Tavakkalchiliklarni baholash natijalari elektron ravishda rasmiylashtirilishi hamda har yili 15 yanvargacha maxsus vakolatli davlat organi yoki Adliya vazirligiga taqdim etilishi lozim.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar ichki nazorat qoidalariga rioya etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Ichki nazorat qoidalariga rioya etilishi uchun mas'ul bo‘lgan shaxslar shubhali operatsiyalar aniqlanganda, belgilangan tartibda maxsus vakolatli davlat organiga yozma yoki aloqaning telekommunikatsiya kanallari orqali elektron shaklda axborot berishlari lozim.

Notarial idoralar va advokatlik tuzilmalari yuqori mansabdor shaxslarning oila a'zolari va yuqori mansabdor shaxslarga yaqin bo‘lgan shaxslarga ham qoidalarning 162-bandida nazarda tutilgan choralarni ko‘rishlari shart. Ushbu choralarni ko‘rishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, ular bunday mijoz bilan hamkorlik munosabatlariga kirishish yoki bunday mijozning operatsiyalarini amalga oshirishdan voz kechishi yoxud u bilan har qanday amaliy ish munosabatlarini to‘xtatishi va bu haqda maxsus vakolatli davlat organiga xabar berishi lozim.

Qoidalar talablariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazorat IT-texnologiyalardan foydalangan holda hamda monitoring va nazoratni amalga oshirish jarayonida aniqlangan xavf-xatardan kelib chiqib, mutaxassislarni jalb qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Notarial idoralar va advokatlik tuzilmalari ichki va tashqi vaziyatlar o‘zgarishini inobatga olgan holda ichki nazorat tizimi samaradorligini doimiy ravishda monitoring qiladi va baholab boradi, shuningdek ish samaradorligini ta'minlash uchun zaruratga qarab uni mustahkamlaydi.

Mavzuga oid