Jahon | 07:32 / 06.11.2021
5045
2 daqiqa o‘qiladi

Efiopiyada 9 ta ayirmachi guruh hukumatga qarshi kurashish uchun birlashdi  

Efiopiyada “Tigrayni ozod qilish xalq fronti” kuchlari hukumatga qarshi kurashish uchun boshqa ayirmachi guruhlar bilan birlashdi. Associated Press axborot agentligining xabar berishicha, 1 noyabrda frontga “Oromoni ozod qilish armiyasi” otryadlari, endi esa yana 7 ta guruh qo‘shilgan.  

Foto: NYT

Reuters axborot agentligining xabar berishicha, ayirmachilar vakillari Vashingtonda matbuot anjumani o‘tkazgan. Ular hukumatga qarshi kuchlar yangi birlashmasining maqsadi bosh vazir Abiy Ahmad boshchiligidagi hukumatni yo kuch, yo muzokaralar yo‘li bilan hokimiyatdan chetlatish ekanini aytishgan. Shundan keyin o‘tish hukumati shakllantirilishi lozim.   

“Biz Efiopiyada Abiy hukumati tomonidan yaratilgan ushbu dahshatli vaziyatga chek qo‘ymoqchimiz”, deb aytgan front yetakchisi va mamlakatning AQShdagi sobiq elchisi Berxane Gebrekristos. 

Avvalroq front kuchlari strategik ahamiyatdagi shaharlarni egallab olgandan keyin Efiopiyada favqulodda holati rejimi e'lon qilingandi. Mamlakatning yirik regionlari va shaharlari ma'muriyatlari aholini tigraylik ayirmachilarga va uning ittifoqdoshlariga qarshi kurashishga chaqirgan. 

Efiopiyadagi vaziyat xalqaro hamjamiyatda xavotir uyg‘otmoqda. Avvalroq AQShning Afrika shoxi regioni bo‘yicha maxsus vakili Jyeffri Feltman AQSh Efiopiyada inqirozni avj oldirayotgan va gumanitar amaliyotlarning amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilayotganlarga qarshi sanksiyalar kiritishga tayyorligini aytgan. U Vashington tigraylik ayirmachilarning poytaxt Addis-Abeba tomon har qanday yurishiga qarshi ekanini ta'kidlab o‘tgan. 

Mavzuga oid