Jahon | 23:39 / 09.11.2021
9317
2 daqiqa o‘qiladi

“Kalmar o‘yini” serialining davomi suratga olinadi

Foto: Netflix

Butun dunyoda shov-shuv bo‘lgan “Kalmar o‘yini” serialining ikkinchi mavsumi suratga olinadi. Serial rejissyori Xvan Don Xyok serialning davomi g‘oyasi ustida ish boshlaganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, serialning ikkinchi mavsumini suratga olish qarori tomoshabinlar talabi bilan bog‘langan.

“Muxlislar tomonidan talab va qistov shunchalik katta bo‘ldiki, siz bizga boshqa imkoniyat qoldirmayapsiz! Aytishim mumkin, serialning ikkinchi mavsumi aniq bo‘ladi”, deb aytgan rejissyor.

O‘zining beayov sahnalari sababli tanqidga va ba'zi davlatlarda taqiqqa uchragan serial Netflix striming servisida 17 sentyabrda namoyish qilina boshlangan. Serial tomoshabinlar orasida tezda ommalashib, tomosha qilinishi bo‘yicha dunyo yetakchisiga aylangan.

Avvalroq psixologlar koreys seriali bolalarga ruhiy jarohat yetkazishi, jumladan ularda tungi qo‘rquvga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirishgan. Bundan tashqari, ba'zi davlatlarda kattalar va bolalar serial motivlari bo‘yicha o‘yinlar uyushtira boshlashgan. Xavfsiz internet ligasi serialni tomosha qilgandan keyin ba'zilarda undagi shafqatsiz o‘yinlarni hayotda qaytarish g‘oyasi paydo bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Janubiy Koreyaning “Kalmar o‘yini” seriali omon qolish haqida bo‘lib, voqealar zamonaviy Seulda yuz beradi. 456 kishidan iborat guruhga yirik miqdordagi mablag‘ni yutib olish imkoniyatini beruvchi bolalar o‘yinlarini o‘ynash taklif etiladi, ammo o‘yinda yutqazganlar hayot bilan vidolashishiga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid