Jahon | 12:26 / 06.12.2021
8220
2 daqiqa o‘qiladi

Monblandagi xazina. Alpinist sakkiz yil avval topilgan qimmatbaho toshlarning yarmini oladi

Sakkiz yil avval Monblanda bir quti zumrad, yoqut topib olgan fransuz alpinisti ana shu qimmatbaho toshlarning yarmini qo‘lga kiritadi.

Ismi oshkor etilmayotgan alpinist 2013 yilda Monblan tog‘ida metall quti topib olgan. Qimmatbaho toshlar solingan idishda “Hindistonda yasalgan” degan yozuvli xaltacha bor edi. Shuning uchun Fransiya rasmiylari u yarim asrdan ko‘proq vaqt muqaddam Monblanda halokatga uchragan hind laynerdagi yo‘lovchilaridan biriga tegishli deya taxmin qilishgan. Omadli alpinist fransuz qonunlariga amal qilgan holda topilmani politsiyaga olib borib bergan va qimmatbaho toshlar egasining qarindoshlari topilishini shu paytgacha kutgan.

Taxminlarga ko‘ra, xazina solingan quti 1950 yoki 1966 yilda Air India samolyoti qulashi natijasida muzlik ustiga tushgan

Biroq qarindoshlar topilmadi. Endi esa oradan sakkiz yil o‘tgach, Monblan joylashgan Shamoni kommunasi rasmiylari qonunga ko‘ra, xazinani alpnist bilan teng bo‘lishdi. Xazinaning yarmi taxminan 150 ming yevroga teng.

Shamoni meri Erik Furne bu haqida Frans-pressga intervyu berar ekan, alpinistni qonunlarga rioya etgani uchun maqtadi. Monblanda o‘tgan asrda ikkita hind layneri halokatga uchragan. 1950 yildagi halokatda 48 kishi, 1966 yilda esa 117 kishi halok bo‘lgan.

Fransiya rasmiylari xazinani Bombey (hozirgi Mumbay)dan Nyu-Yorkka ketayotgan ikkinchi layner yo‘lovchisi o‘zi bilan olib ketayotgan bo‘lgan, deya taxmin qilishyapti.

Ana o‘sha ikki halokatdan keyin alpinistlar ko‘p yilar davomida vaqti-vaqti bilan Monblanda yuk qoldiqdari va inson tanasi bo‘laklarini topishgan.

2012 yilda tog‘ yonbag‘irlarida Hindistondan yuborilgan diplomatik pochta solingan qop topilgan. Uning ichida 1966 yilga tegishli gazeta, taqvim va maktublar bo‘lgan.

1966 yildagi aviahalokatda boshqa yo‘lovchilar qatorida hind yadro dasturi otasi Homi Jahongi Baba ham halok bo‘lgan.

Mavzuga oid