Dinozavr suyaklari, tosho‘rmon va qadimiy Tetis dengizi qoldiqlari– Qizilqumdagi g‘aroyib hudud
Uchquduq tumanida, Qizilqum cho‘li bag‘rida joylashgan Jiraquduq nomi keyingi vaqtlarda respublika va dunyo OAVlarida tez-tez tilga olina boshlandi. Bu dara toshga aylangan daraxtlar o‘rmoni hamda dinozavr suyaklari topilgani bilan mashhur.

Yil boshida dunyo matbuotida O‘zbekiston hududidan dinozavrning avvallari fanga ma’lum bo‘lmagan turi aniqlangani haqida shov-shuvli xabarlar paydo bo‘ldi. Keyinchalik Uchquduq tumanidagi Jiraquduq darasidan qazib olingan dinozavr suyaklari kanadalik olimlar va Yaponiyaning Nagoya universiteti paleontologlari tomonidan to‘liq o‘rganilib, baho berilgani ma’lum qilindi.
Jiraquduq Uchquduq tumani markazidan qariyb 100 km olisda joylashgan. Mingbuloq ovuliga qadar asfalt yo‘ldan, keyin esa 30 km qum oralab yurib boriladi. Daraga yaqinlashgan sari tekisliklar qum barxanlari va botiqlarga almashadi. Insonni yovvoyi tabiat va kimsasiz manzillar hayrati chulg‘ab oladi.
Aslida, Jiraquduqda dunyo olimlari tomonidan bir necha marotaba ekspeditsiya tuzilib, arxeologik qazish ishlari olib borilgan. Jarayonda ko‘plab topilmalar topilgan. Ayrim manbalarda Qizilqum kengliklari o‘rnida bir paytlar Tetis dengizi bo‘lganligi haqida taxminlar ham uchraydi.
«Qizilqum sahrosining geologik holatini o‘rganish uchun katta tadqiqot ishlari o‘tkazilgan. Bundan 50-60 yil ilgari Jiraquduq darasi mutaxassislar tomonidan mukammal o‘rganib chiqilgan. Olimlarning tosho‘rmon haqidagi ilmiy pasportlarini o‘rganib chiqqanimizda mana shu hududda bundan 100 million yil muqaddam Tetis dengizi bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarga duch keldik.
Ayniqsa, Qizilqum sahrosida qadimda dunyodagi eng yirik o‘txo‘r dinozavrlar yashaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham bor. Bu ma’lumotlarni tasdiqlash maqsadida Jiraquduqdan topilgan dinozavrning suyaklari olinib, ilmiy-tekshirish institutlarida o‘rganilgan. Haqiqatan ham dinozavrning hamda dengizda yashagan yirtqich baliqlarning topilgan suyaklaridan tajriba o‘tkazib, jonivorlarning turi hamda yoshini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘lingan.
Bu yerda suvda yashagan yirtqich baliqlarning tishlari, umurtqa va bosh chanog‘i suyaklari tosh qotgan holatda sochilib yotibdi. Buning uchun kovlab, arxeologik tadqiqot qilib o‘tirishga hojat ham yo‘q. Faqat unga tegmaslik kerak, xolos. Bularni ko‘rish har bir sayyoh uchun qiziqarli. Agar sayyohlarga yaxshi turistik xizmatlar yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, bu hudud kelgusida O‘zbekistonga juda katta manfaat keltiradi», — deydi Sarmishsoy davlat muzey qo‘riqxonasi rahbari Ramazon Egamov.
Odatda qumloq joylarda tosh bo‘lmaydi. Biroq Jiraquduq darasining har qadamida tosh uchratish mumkin. Ularning aksariyati toshga aylangan turli hayvonlar suyaklari yoki dov-daraxtlar, mevalar qoldiqlari hisoblanadi. Ramazon Egamovga ko‘ra, bundan 10–15 yil oldin bu yerda balandligi 4 metrgacha yetadigan tosh qotgan daraxt tanalarini uchratish mumkin bo‘lgan.
Olimlarning taxminiga ko‘ra, sochilib yotgan toshlar Tetis dengizi qirg‘oqlari va unga kelib tushgan meteoritlar bilan bog‘liq. 95-100 million yillar oldin koinotdan meteoritlar qulashi natijasida bu yerlar yuz yillar davomida chang-to‘zon girdobida qolgan. Buning oqibatida dengiz atrofidagi o‘rmonzorlar, suvda va quruqlikda yashagan hayvonlar toshga aylangan.
Jiraquduq darasi olimlar tomonidan to‘liq o‘rganilishi, bu g‘aroyib hudud haqidagi taxminiy fikrlar o‘z ilmiy asoslarini topishi kerak. Shuningdek, topilmalar tashib ketilmasligi hamda Qizilqumning bu mo‘jizasini o‘z holida saqlab qolish uchun tegishli mas’ullar tomonidan amaliy choralar ko‘rilishi zarur.
Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.
Tavsiya etamiz
Zelenskiydan mamnun, Rossiya zarbalaridan hafsalasi pir bo‘lgan. Trampning oxirgi bayonotlaridan asosiy gaplar
Jahon | 16:21 / 28.04.2025
Turkiyalik erkak operatsiyadan keyin ona tilini unutib, boshqa tilda gapirishni boshladi
Jahon | 19:42 / 27.04.2025
Havo isib ketishi va qurg‘oqchilikka tayyor turishimiz kerak – Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 15:55 / 26.04.2025
Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Jahon | 22:09 / 24.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Kambag‘al oila farzandlari maktabdagi uzaytirilgan kun guruhlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi
O‘zbekiston | 19:45
-
AQShdan deportatsiya qilinadigan o‘zbekistonliklar maxsus charter reys bilan Toshkentga olib kelinadi
O‘zbekiston | 19:29
-
Payariq hokimi tadbirkorning binosini buzdirib tashladi, prokuror bu qonunsizlikka tomoshabin bo‘lib turdi
O‘zbekiston | 19:21
-
Xitoydagi restoranda yuz bergan yong‘in oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi
Jahon | 19:04
Mavzuga oid

10:52 / 10.08.2024
Daryo, dengiz, cho‘l va tog‘lardan o‘tgan sarhad – O‘zbekistonning davlat chegarasi haqida qiziqarli ma’lumotlar

10:44 / 10.05.2024
Markaziy Qizilqum tabiat bog‘ida ilk bor saqoqushlar galasi qayd etildi

13:20 / 16.04.2024
Qizilqum qo‘riqxonasidagi fotoqopqonga O‘rta Osiyo qunduzi muhrlandi

14:36 / 21.03.2024