O‘zbekiston | 16:20 / 19.02.2022
4537
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon va Toshkent viloyatlarida fuqarolarga qisqa muddatda haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Foto: Prokuratura departamenti

Ular fuqarolarga haydovchilik hamda qishloq xo‘jaligi texnika vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomalarni olib berishni va’da qilib, pul talab qilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning xabar berishicha, fuqaro Sh.B. fuqaro N.ni aldab, unga o‘zining Qo‘rg‘ontepa tuman YHXBda ishlovchi tanishlari orqali qisqa muddatda o‘qishga bormasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilib, evaziga 5 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, O‘rtachirchiq tumanida fuqaro B.M. fuqaro A.dan unga qishloq xo‘jaligi texnika vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani o‘quv kurslarida qatnashmasdan turib, go‘yoki o‘zining “Agroinspeksiya”da ishlovchi tanishi orqali olib berish evaziga 2,3 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid