O‘zbekiston | 12:02 / 13.04.2022
34154
3 daqiqa o‘qiladi

«AQSh O‘zbekistonning Ukraina mojarosidagi pozitsiyasini tushunadi» – Daniel Rozenblyum    

Foto: Kun.uz

Savdo aloqalari va sarmoya, Rossiyadagi mehnat migrantlari kabi manfaatlar bois O‘zbekiston muvozanatli yo‘l tutishga majbur. Shu bois AQSh O‘zbekistonning Rossiya-Ukraina mojarosidagi pozitsiyasini tushunadi va hurmat qiladi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum Amerika ovozi nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«O‘zbekistonning pozitsiyasini tushunaman va uni hurmat qilaman. Chunki O‘zbekiston naqadar murakkab vaziyatda ekanini anglaymiz. Yuqorida qayd etilgan tashriflar [Abdulaziz Komilov va Sardor Umrzoqovning 2022 yil mart oyida Vashingtonga tashrifi nazarda tutilmoqda – tahr.] paytida ham buni muhokama qildik. Maqsadlardan biri ham shu edi, o‘zi. Geografik va tarixiy omillar bor. Manfaatlar bois O‘zbekiston muvozanatli yo‘l tutishga majbur. Savdo aloqalari va sarmoya, Rossiyada shuningdek mehnat migrantlari ham bor. Ular yuboradigan mablag‘ mamlakat iqtisodi uchun salmoqli sarmoya. O‘zbekiston uchun bu hayot-mamot masalalari. Biz buni tushunamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ukrainadagi murakkab ahvol haqida ko‘p to‘xtalmoqchi emasman, chunki odamlar biladi. Ammo ayrim jihatlar va ular bilan bog‘liq fundamental prinsiplarni tilga olmoqchiman. Chunki ularni O‘zbekiston bilan aloqalarda hamisha yodda tutamiz. [Bular] suverenitet va mustaqillik. Biz hamisha suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlikni e’zozlaymiz va ularni himoya qilamiz. Bular dunyo barqarorligi uchun o‘ta muhim xalqaro prinsiplar. Ular chetga uloqtirilsa, buzilsa, qudratliman degan davlat boshqasini vayron qiladi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida shuni ko‘ryapmiz. Fikrimcha, bu prinsiplar O‘zbekiston uchun ham chuqur ahamiyat kasb etadi. Bunga uning 30 yilda bosib o‘tgan mustaqillik yo‘lidan ham guvohmiz.

Bir-birimizning pozitsiyalarimizni tushunish uchun ochiq gaplashib turish kerak. Tashqi ishlar vaziri janob Komilovning yaqinda qilgan bayonotlarini tingladik. Nazarimda u tushuntirgan siyosat, asosli, mantiqli va aniq. Shunday ekan, savolingizga javobim, albatta, bu siyosatni tushunamiz. O‘zbekiston bilan dunyodagi, jumladan mintaqadagi hozirgi muammolarga qarshi kurashishga bel bog‘laganmiz», – deydi AQShning O‘zbekistondagi elchisi.

Joriy yilning 17 mart kuni Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida nutq so‘zlagan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan olishi, Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni esa tan olmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, vazir tomonlarni harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bu urush boshlanganidan buyon ushbu masalada yuzasidan O‘zbekiston tomoni bildirgan ilk rasmiy bayonot edi.

Mavzuga oid