Foto: Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Turkiy davlatlar muftiylari «Ayo-Sofiya Fotih» madrasasi ochilishida qatnashdi
15 aprel kuni Istanbul shahrida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari ishtirokida «Ayo-Sofiya Fotih» madrasasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining yig‘ilishida qatnashgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash uchun Turkiy davlatlar diniy idoralari aro Fatvo hay’atini tashkil etishni taklif qildi.

Kecha, 15 aprel kuni Istanbul shahrida «Umumjahon pandemiyasi, iqtisodiy inqiroz va raqamli dunyoda Turkiy-Islom olamining ertasi va buguni» mavzusidagi Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining xabar berishicha, tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov, Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bag‘dod Amreyev va Turkiy davlatlar muftiylari ham o‘z ma’ruzalari bilan qatnashgan.

Turkiya safari davomida muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Turkiy davlatlarning din peshvolari hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan birgalikda «Ayo Sofiya» masjidida juma namozini ado etgan.

Shuningdek, 15 aprel kuni Istanbul shahridagi «Ayo Sofiya» qadimiy yodgorligi majmuasida joylashgan «Ayo-Sofiya Fotih» madrasasining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda so‘zga chiqqan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an madrasa tarixi haqida so‘zlarkan, unda dars bergan Ali Qushchi hazratlari xizmatlarini e’tirof etdi:
«Shonli tariximizni bugungi kunga va kelajak avlodlarga yetkazish, insoniyatga tanitish niyatida juda muhim bo‘lgan bir qadamni tashladik.
Bugun ochilishini qilganimiz – «Ayo Sofiya Fotih» madrasasi timsolida tarixdan o‘chib ketish arafasiga kelib qolgan bir obidamizni qaytadan shahrimizga qaytardik. Qadrli do‘stlar, bu yer Istanbulning fathi sirasida, «Ayo Sofiya»ning bunyod etilishida shaharning birinchi madrasasi sifatida ishga tushirilgan edi.

Birinchi mudarrisi mulla Xusrav bo‘lgan bu dargohda Ali Qushchi ham dars bergan. (Muftiy Nuriddin domla hazratlariga qarab) O‘zbekiston vakili bor-a! Ha, Ali Qushchi bu yerda dars bergan.
Madrasa turli yillardagi ta’mir va qayta qurilishlar bilan 1924 yilga qadar talabalarga tahsil berish xizmatini o‘tagan edi», – deya Erdo‘g‘anning so‘zlarini keltirmoqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati.
Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining birinchi yig‘ilishida muftiy Nuriddin Xoliqnazarov o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash uchun Turkiy davlatlar diniy idoralari aro Fatvo hay’atini tashkil etishni taklif qildi.

«Xalqlarimizning urf-odati, hayot tarzi azaldan mushtarak bo‘lgan. Shu bois, bugungi globallashuv va tahdidlar zo‘raygan davrda mo‘min-musulmonlar e’tiqodiy birligini ta’minlash hamda ittifoqligini mustahkamlash maqsadida, Turkiy davlatlar diniy idoralari aro Fatvo hay’atini tashkil etishni taklif etamiz.

Oxirgi 5 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ulamolari bilan Ramazon oyi, Iydul Fitr va Iydul Azhoning birinchi kuni, namoz vaqtlarini aniqlash hamda zamonaviy shar’iy masalalarda fatvo ishlab chiqishdagi hamkorligimiz o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Mazkur Fatvo hay’atini tashkil etish orqali ushbu ishlarning faoliyat ko‘lami va jo‘g‘rofiyasi yanada kengayib, turkiy xalqlar hamjihatligini oshirishga erishiladi», – degan muftiy.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston vakilining taklifi va boshqa mulohazalari ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Shuningdek, 15 aprel kuni Turkiy davlatlarning din peshvolari xufton va tarovih namozlarini ado etish uchun «Abu Ayyub Ansoriy» masjidiga tashrif buyurgan.


Mavzuga oid

19:46 / 04.05.2025
Turkiya muxolifati yetakchisi Istanbulda hujumga uchradi - video

11:09 / 28.04.2025
“Farzandlarimiz turk erkaklari quchog‘ida qolmoqda” – Turkiyadagi o‘zbek xotin-qizlari taqdiri haqida suhbat

15:56 / 15.04.2025
Istanbulda o‘zbekistonlik ayol erini o‘ldirishda gumonlanmoqda

10:49 / 14.04.2025