O‘zbekistonda aholini favqulodda vaziyatdan muhofaza qilishga rahbarlik qilish bosh vazir zimmasiga yuklanadi

Foto: Kun.uz
Prezidentning “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning joriy etilgan tizimi samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e’lon qilindi.
O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlar oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etilib, chora-tadbirlar amalga oshirilgani qayd etilgan.
Quyidagilar favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasidagi tadbirlarni “mahallabay” darajada tashkillashtirish asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:
- birinchidan – favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish orqali quyi bo‘g‘inlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirishga erishish;
- ikkinchidan – favqulodda vaziyatlar oldini olish, ularni bartaraf etish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash va fuqaro muhofazasi yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;
- uchinchidan – favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash tadbirlarini takomillashtirish hamda tabiiy va texnogen xavfli jarayonlar holati tahlili asosida xavf manbai yuqori hududlar, obektlarda profilaktik va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni tashkil etish;
- to‘rtinchidan – favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kuchlari shayligini oshirish maqsadida zamonaviy texnika va asbob-anjomlar bilan jihozlash va tayyorgarligini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;
- beshinchidan – aholi o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borishning ta’sirchan, kreativ va samarali uslublarini ishlab chiqish hamda ularni o‘z vaqtida amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rish;
- oltinchidan – yong‘in xavfsizligini ta’minlash ayrim funksiyalarini bajarishga xususiy sektor vakillarini jalb qilish;
- yettinchidan – favqulodda vaziyatlar oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashda jamoatchilik keng ishtirokini ta’minlash.
Quyidagilar Favqulodda vaziyatlar vazirligining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
- tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oldini olish va ularni bartaraf etish, yong‘in xavfsizligi, seysmik kuzatuvlar, kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish, suv obektlarida fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
- tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oldini olish va ularni bartaraf etish, fuqaro muhofazasi, yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va ilmiy-texnik dasturlarni tasdiqlash;
- favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar yuzaga kelishi hamda rivojlanishi xavfini monitoring qilish va prognozlash tadbirlari asosida ular vujudga kelishini barvaqt profilaktika qilish va oldini olish, zararini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda samaradorligini baholash;
- aholini, mahallabay aholi faol qatlamidan tashkil etilgan guruhlarni, mansabdor shaxslarni hamda qutqaruv va fuqaro muhofazasi kuchlarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish;
- fuqaro muhofazasi vazifalarini bajarish, favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
- favqulodda vaziyatlar oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyatini, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligi tizimini tashkil etish va ta’minlash;
- yong‘in xavfsizligini texnik jihatdan tartibga solish doirasida qurilish, rekonstruksiya, ixtisoslashtirilayotgan, kengaytirilayotgan va texnik jihozlanayotgan obektlarda favqulodda vaziyatlar kelib chiqishini oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilinishini ta’minlash;
- aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida xalqaro hamkorlik qilish.
Belgilab qo‘yilishicha, Favqulodda vaziyatlar vazirligining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarini bajarish vazirliklar, idoralar, uyushmalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi.
Fuqaro muhofazasi hamda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga rahbarlik qilish:
- O‘zbekistonda – O‘zbekiston bosh vaziriga;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarda –Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va tegishli hududlar hokimlariga;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarda – ular birinchi rahbarlariga yuklanadi.
Mavzuga oid

10:21 / 17.01.2025
Bosh vazir boshchiligida moliya institutlari bilan ishlash bo‘yicha favqulodda shtab tashkil qilinadi

16:33 / 18.12.2024
Qirg‘izistonda yangi bosh vazir tayinlandi

17:17 / 13.12.2024
Fransiyada yangi bosh vazir tayinlandi

20:08 / 19.10.2024