Tomorqa yer egalarini kasanachilik bilan band qilgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi

Foto: Kun.uz
“Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
1 noyabrdan tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan:
- parranda (tovuq, bedana, o‘rdak, g‘oz, kurka), parrandani saqlash uchun katak, ozuqa yemi hamda dori vositalari;
- uzum ko‘chati va tok so‘risi;
- asalari oilasi, asalari uyasi uchun quti hamda ozuqa yemi;
- quyon, quyon katagi va ozuqa yemi;
- baliq chavoqlari, sun’iy hovuz va ozuqa yemini xarid qilish hamda keyinchalik tomorqa yer egalariga taqdim etish uchun subsidiya ajratiladi.
Subsidiya 1 nafar tomorqa yer uchastkasi egasi uchun BHM 20 baravarigacha (6 mln so‘mgacha) miqdorda hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan ajratiladi. 1 yanvardan quyidagilarga ruxsat etiladi:
YaTTga murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish va qurilish-ta’mirlash ishlari (beton quyish, bo‘yoqchilik, suvoqchilik ishlari, g‘isht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari)ni, jumladan yuridik shaxslar uchun ham bajarishga;
qurilish-pudrat tashkilotlariga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun shartnoma asosida YaTTni jalb qilishga. Bunda:
YaTT umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun 5 nafargacha xodimni yollashi mumkin;
umumiy qurilish ishlarini bajarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hamda kamida 3 nafar xodimni yollagan YaTTga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat qurollari va asbob-uskunalarni sotib olishga subsidiya (bitta xodim uchun BHM 15 baravarigacha – 4,5 mln so‘mgacha miqdorda) ajratiladi.
“Yoshlar daftari” platformasida “Bitiruvchilar bandligi” funksionali joriy qilinadi va bu orqali umumiy o‘rta, professional hamda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari 3 yil davomidagi bandlik holati monitoring qilinadi.
Mavzuga oid

12:05 / 05.04.2025
Tomorqa uchastkalaridan foydalanish bo‘yicha choralar tasdiqlandi

17:02 / 02.04.2025
Yetakchi tadbirkorlar aholi tomorqasiga sifatli urug‘ va ko‘chat yetkazib beradi

11:13 / 31.03.2025
Tomorqadan samarasiz foydalanganlarga ko‘riladigan choralar ishlab chiqildi

21:20 / 19.02.2025