Armaniston Ozarboyjon bilan mojaro bo‘yicha Rossiyadan yordam so‘radi
Ozarboyjon bilan qurolli mojaro tufayli Armaniston Rossiya, KXShT davlatlari va BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qildi. Armaniston-Ozarboyjon chegarasida vaziyat nihoyatda keskinligicha qolmoqda.

Foto: kremlin.ru
Armaniston-Ozarboyjon chegarasidagi janglar fonida Armaniston Rossiya, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashidan yordam so‘radi. Yerevan Moskvadan ikki davlat o‘rtasidagi Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam shartnomasini faollashtirishni so‘radi, deb xabar qildi 13 sentabr, seshanba kuni arman matbuoti.
Rossiya va KXShTdan yordam so‘rash qarori Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazganidan so‘ng qabul qilingan. Armaniston Mudofaa vazirligi Toshkent vaqti bilan soat 9:00 holatiga ko‘ra, Armaniston-Ozarboyjon chegarasida vaziyat nihoyatda keskinligicha qolayotgani, pozitsion janglar davom etgani haqida xabar berdi.
Vazirlikning iddao qilishicha, Ozarboyjon Vardenis, Sotk, Artanish, Ishxonasar, Goris va Kapan aholi punktlari yo‘nalishida artilleriya, minomyotlar, uchuvchisiz uchish apparatlari va yirik kalibrli o‘q otish qurollarini ishlatib, harbiy va fuqarolik infratuzilmasiga zarba bermoqda. O‘n nafar yarador kasalxonaga yotqizilgan. Birozdan keyin bosh vazir Pashinyan Ozarboyjon bilan bo‘lgan janglarda 49 arman harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini aytdi. «Ammo shuni ham qayd etishim kerakki, bu raqam, afsuski, yakuniy emas», — deya qo‘shimcha qildi Pashinyan.
O‘z navbatida, Ozarboyjon Mudofaa vazirligi sodir bo‘layotgan voqealarda Armanistonni aybladi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Armaniston «keng ko‘lamli provokatsiya»ni amalga oshirgan, Ozarboyjon armiyasi esa «o‘q otish nuqtalarini zararsizlantirmoqda». Rasmiy Boku Ozarboyjonning Armanistonga bostirib kirishi haqidagi iddaolarni «absurd» deb atadi.
Ozarboyjon matbuoti manbalarga tayanib, Ozarboyjon va Armaniston Toshkent vaqti bilan soat 10:00 dan boshlab o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganini xabar qilmoqda.
2020 yil kuzidagi urush natijasida Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ning deyarli yarmini o‘z nazoratiga qaytardi, qolganlarida esa Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirildi. Armanistonga Qorabog‘dan qo‘shinlarini olib chiqish buyurildi.
Mavzuga oid

21:04 / 02.05.2025
Qorabog‘ haqida kutilmagan bayonot. Eron o‘z o‘qidan chiqib ketdimi?

13:16 / 26.04.2025
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefonda suhbatlashdi

21:45 / 22.04.2025
Armaniston parlamentida deputatlar janjallashib ketdi

07:43 / 21.04.2025